Qoraqalpog`iston Respublikasida yuz bergan holatlar va voqealarni o`rganish bo`yicha komissiya a`zolari Shtabga kelgan fuqarolar bilan uchrashib, ular murojaatlarini qabul qilishdi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati xabar qilmoqda.
Ma`lum qilinishicha, Qoraqalpog`istonda bo`lib o`tgan voqealarda ishtirok etganlikda gumon qilinib, olib ketilgan shaxslarning oila a`zolari bilan suhbat davomida ularning farzandlari qaerda saqlanayotgani haqida ma`lumotga egaligi, telefon orqali suhbatlashgani va advokat bilan ta`minlangani ma`lum bo`ldi.
Ba`zi murojaatchilar farzandining namoyishga aralashib qolgani uchun afsusda ekanligini bildirib, unga engillik berishlari bo`yicha Komissiya a`zolaridan yordam so`rashdi. Fuqarolarga Komissiyaning tergov va sud jarayonlariga aralashmasligi, qolaversa, qonunchiligimizda tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish uchun huquqiy ta`sir choralari belgilangani tushuntirildi.
Shuningdek, Komissiya a`zolari bir nechta mahallalarga tashrif buyurib, fuqarolar bilan uchrashishdi. Ochiq muloqotda Mustaqil Komissiya faoliyati haqida qisqacha ma`lumot berilib, bo`lib o`tgan voqealar bo`yicha ularning fikrlari o`rganildi.
Avval xabar berganimizdek, o`rganish jarayonida yanada ob`ektivlikka erishish maqsadida fuqarolar o`rtasida anonim so`rov o`tkazilayotgan edi. Mahalla faollari bilan uchrashuvda ulardan anonim so`rovlar ham olindi.
Hozirda anonim so`rovnoma o`tkazishda hududlar qamrovini kengaytirish, imkon qadar ko`plab fuqarolar fikrlarini o`rganish bo`yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Mazkur so`rovnoma natijalari bilan Komissiyaning yakuniy xulosasida tanishish mumkin.






