Toshkent metrosining «Tinchlik» bekati kirish yo`lagiga 23 avgust kuni suv toshib chiqdi. «Veolia Energy Tashkent» matbuot xizmati holatga nima sabab bo`lganini ma`lum qildi.
Keltirilishicha, «Veolia Energy Tashkent» MChJ XK tomonidan 2022-2023 yillarda isitish mavsumiga sifatli tayyorgarlik ko`rish maqsadida joriy yil 23 avgust kuni 1-IM qozonxonasining amal qilish hududida issiqlik quvurlarining mexanik chidamliligi va zichliligi (yuqori bosimda) sinovdan o`tkazilgan.
Oldidan kelishilgan jadval asosida o`tkazilgan sinov jarayonida 3-IMga ulangan «Tinchlik» metro bekati yaqinidagi issiqlik tarmog`ida avariya sodir bo`ldi, natijada metroga tushish yo`lagida devordan issiq suv toshib chiqishi kuzatilgan.
«‘Veolia Energy Tashkent’ MChJ XK Olmazor tuman boshqarmasi xodimlari tomonidan maxsus texnikalar yordamida avariya holati yuzaga kelgan metroning kirish yo`lagida suv toshishi to`xtatildi. Hozirda avariyani zudlik bilan bartaraf etish choralari ko`rilmoqda», deyiladi xabarda.






