“Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo`l qo`ymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident Farmoni (PF–198-son, 24.08.2022 y.) qabul qilindi
Farmon bilan quyidagi tartiblar, talablar va cheklovlar 2022 yil 1 sentyabrdan bekor qilinadi:
erga bo`lgan huquqlardan foydalanishda:
erga bo`lgan huquqning vujudga kelishiga asos bo`lgan hujjatlarni bekor qilish orqali erga bo`lgan huquqni tugatish, mazkur hujjatlar faqat sud tomonidan bekor qilinishi yoki haqiqiy emas deb topilishi mumkin;
erdan ixtiyoriy voz kechishni Hukumat yoki hokimlik qarorlari bilan rasmiylashtirish (ixtiyoriy voz kechish to`g`risida notarial tasdiqlangan ariza huquqlni bekor qilish uchun asos bo`ladi);
yuridik shaxs tugatilishi bilan uning eriga bo`lgan huquqlarini bekor qilish;
erni jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yishda kompensasiya sifatida davlatning boshqa ko`chmas mulkini berish, bunda ko`p kvartirali uylardagi turar joy berilishi mumkin;
turar joyga bo`lgan mulkiy huquqlarni amalga oshirishda:
turar joyga nisbatan mulkiy huquqlarga yoki turar joy mulkdori bilan qarindoshlik aloqalariga ega bo`lmaganlarni doimiy ro`yxatdan chiqarish uchun ularning roziligini olish;
sud tomonidan turar joyga nisbatan insofli egallovchi deb topilgan jismoniy shaxsdan ushbu turar joyni unga nisbatan mulk huquqi davlat ro`yxatidan o`tkazilgan paytdan boshlab 3 yil o`tgach natura shaklida talab qilib olish.
2023 yil 1 yanvardan Kadastr va ko`chmas mulklarni ro`yxatdan o`tkazish integrasion axborot tizimi (UZKAD) ko`chmas mulk ob`ektlariga bo`lgan huquqlarning davlat reestri va unga oid ma`lumotlar yuritiladigan, ma`lumotlarining haqiqiyligi va ishonchliligi davlat tomonidan kafolatlanadigan yagona axborot tizimi hisoblanadi.






