AsosiyJamiyat

Innovasion hududga aylantirilayotgan tumanlar hokimlari va ularning o`rinbosarlari uchun o`quv haftaligi boshlandi

'Innovasion hududga aylantirilayotgan tumanlar hokimlari va ularning o`rinbosarlari uchun o`quv haftaligi boshlandi'ning rasmi

Joriy yilning 23 avgust kuni Innovasion rivojlanish vazirligida Innovasion hududga aylantirilayotgan 28 ta tuman hokimlari va ularning innovasiya masalalari bo`yicha o`rinbosarlari uchun o`quv haftaligi boshlandi. Bu haqda  vazirlik matbuot kotibi xabar berdi. 

Tadbirda, shuningdek, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasining mas`ul xodimlari ishtirok etdi. Tadbirni innovasion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov ochib berdi.

– Mamlakatimizni Global innovasion indeks (GII) reytingida 2026 yilgacha 30 pog`onaga ko`tarish vazifasi Strategiyamizda belgilangan, – dedi I.Abdurahmonov. – Shu maqsadga erishish uchun qator strategik yo`nalishlar belgilab olingan. Xususan, innovasion infratuzilma sub`ektlari tarmog`ini shakllantirish orqali startap tashabbuslarni qo`llab-quvvatlash hamda yirik hajmli ishlab chiqarishni tashkil etish, innovasion faoliyatni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlashning institusional mexanizmlarini takomillashtirish orqali innovasion faol tashkilotlar ulushini oshirish ko`zda tutilgan. Yaratilgan kapitalni «tubdan yangilovchi» innovasiyalarga qayta yo`naltirish tizimini shakllantirishimiz juda muhim.

Bu maqsadli vazifalarning dolzarbligi hamda hududlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi o`rnini inobatga olib, Farmon bilan belgilangan 28 ta tumanda hokimning innovasion rivojlanish masalalari bo`yicha o`rinbosari lavozimlari joriy qilindi.

O`quv treningda 2022-2026 yillarda O`zbekiston Respublikasining innovasion rivojlanish strategiyasida ko`rsatilgan vazifalarni samarali bajarish hamda maqsadli ko`rsatkichlarga erishish uchun amalga oshiriladigan tadbirlar hamda yo`l-yo`riqlar to`g`risida batafsil ma`lumot berildi. Strategiyani hududlar kesimida amalga oshirishning maqsadli ko`rsatkichlari hududdagi innovasion markazlar sonini 494 tagacha etkazish, texnologik innovasiyalar bilan shug`ullanuvchi mahalliy sanoat korxonalari sonini 600 tagacha etkazish, hududlarda yaratiladigan yangi texnologiyalar sonini 384 tagacha oshirish, hududlarda yillik ro`yxatga olingan patentlar sonini 184 tagacha etkazishni ko`zda tutadi. Xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ilmiy, innovasion va texnologik loyihalar sonini 183 tagacha oshirib, innovasion startaplar sonini 1437 tagacha etkazish kabi vazifalarga ham alohida urg`u berildi.

Innovasion rivojlanish vaziri o`rinbosari Shahlo Turdiqulova o`quv trening yakunlariga ko`ra har bir tinglovchi – tuman hokimining o`rinbosari forsayt va ideaton tadbirlarida o`z tumanini innovasion rivojlantirishning dolzarb vazifalarini hamda iqtisodiyotining drayver sohalarini o`z ichiga olgan dasturlarini taqdim qilishlari muhimligini eslatib o`tdi.

Haftalik natijalariga ko`ra hududlarda innovasion faoliyat natijadorligini yanada oshirish maqsadida kelgusida hamkorlikda amalga oshiriladigan amaliy tadbirlar belgilab olinadi. Haftalikning birinchi kuni tinglovchilar vazirlik binosidagi ilmiy ishlanmalar va startap mahsulotlar ko`rgazmasi, INNO innovasion o`quv-ishlab chiqarish texnoparki hamda Ilg`or texnologiyalar markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

    Boshqa yangiliklar