Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, sessiyada deputatlar Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi mas`ul xodimi Shavkat Fayzievning “Biometrik ma`lumotlarga asoslangan yuzni aniqlash va nazorat qilish tizimining loyiha konsepsiyasini tasdiqlash to`g`risida»gi axborotini muhokama qilishdi.
Mutasaddining ta`kidlashicha, aholi salomatligi va jamoat tartibini saqlashda, huquqbuzarliklarning oldini olishda, fuqarolar xavfsizligini ta`minlashda, inson huquqlari va erkinliklarini kafolatlashda ushbu tizimning ahamiyati katta. Shu bois, biometrik ma`lumotlarga asoslangan yuzni aniqlash va nazorat qilishning kompleks tizimi yaratilmoqda.
Natijada jamiyatda ko`plab muammolarga echim topiladi. Jumladan, ilg`or texnologiyalar asosida xavfsizlik ta`minlanadi, ijtimoiy ob`ektlar, jamoat joylarida nazorat va tezkor axborot tizimi takomillashtiriladi, biometrik ma`lumotlar bazasiga asoslangan nazoratni kuchaytirish mexanizmi joriy etiladi, inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga erishiladi. Shuningdek, aholi salomatligini ta`minlash, xususan, virusli, yuqumli kasalliklar tarqalishi, jinoyatchilik va terrorizm kabi xavf-xatarlarning oldi olish yo`nalishidagi ishlarga katta yordam bo`ladi.






