Oliy ta`lim muassasalarining bakalavriat ta`lim yo`nalishlariga kirish test sinovlarida ishtirok etgan va natijasidan norozi bo`lgan abiturientlar yakuniy tanlov natijalari e`lon qilingan kundan boshlab 10 kun davomida apellasiya shikoyati berishlari mumkin bo`ladi.
Apellasiya arizalari my.dtm.uz sayti orqali abiturientning shaxsiy kabinetida onlayn tarzda qabul qilinadi.
Bunda abiturient apellasiya shikoyati berishi uchun test sinovida ishtirok etgan va test sinovidan chetlatilmagan bo`lishi lozim.
Apellasiya arizasini bergan abiturientlarga uni ko`rib chiqish sanasi va vaqti ko`rsatilgan xabarnoma beriladi.
Abiturient xabarnomada belgilangan vaqtda shaxsini tasdiqlovchi hujjat, xabarnoma va abiturient ruxsatnomasi bilan Davlat test markaziga kelishi kerak.






