Shavkat Mirziyoevning bir guruh tadbirkorlarni muloqoti davom etmoqda.
Beshinchi yo`nalish tadbirkorlar faoliyatini nazorat qilish va ularni javobgarlikka tortish masalalari bilan bog`liq.
Tadbirkorlarga nisbatan yangi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga 3 yillik moratoriy e`lon qilinadi.
Shuningdek, tadbirkorlarga nisbatan majburiyatlar yuklaydigan yangi qonun hujjatlari qabul qilinganda, yo`l qo`ygan xatosi uchun tadbirkorga 6 oy davomida jazo qo`llanilmaydi.
Prezidentimiz ta`kidlaganidek, kichik biznes vakillari tomonidan soliq tekshiruvlari bilan bog`liq jarimalarning turi ko`pligi va og`irligi masalasi bo`yicha juda ko`plab murojaatlar kelib tushdi.
Misol uchun, bugungi kunda aylanmadan soliq to`layotgan 370 mingdan ziyod kichik tadbirkorlarning soliq bo`yicha o`rtacha oylik to`lovi 1 million so`m atrofida.
Lekin, kassa cheki bermagani uchun 5 milliondan 10 million so`mgacha moliyaviy, shuningdek 3 milliondan 12 million so`mgacha ma`muriy jarima solinadi.
Ya`ni, kichik tadbirkorlar uchun ham, yirik korxonalar uchun ham jazo bir xil.
Umuman, savdo sohasida faoliyat ko`rsatadigan tadbirkorlarimizni qariyb 30 yildan beri qiynab keladigan muammo ham echiladi, ya`ni savdo qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik to`liq bekor qilinadi (Jinoyat kodeksining 189-moddasi).
Birinchi marta xato qilgan kichik biznes vakillariga jazo chorasi qo`llanilmaydi. Buning o`rniga kamchiliklarni bartaraf etishga soliq idoralari ko`makchi bo`ladigan tizim joriy etiladi.
Jarimalar miqdori ham tadbirkorlarning to`layotgan solig`idan oshib ketmasligi kerak.
"Bizda quruvchi, madaniyat, ta`lim kabi soha vakillari uchun faxriy unvonlar mavjud.
Lekin, Yangi O`zbekiston poydevorini yaratishga eng katta hissa qo`shib kelayotgan zahmatkash tadbirkorlarning e`tibordan chetda qolgani adolatdan emas.
Shu bois, ko`p ish o`rinlari yaratgan, biznesning yangi yo`nalishlarini yo`lga qo`ygan, o`z sohasida innovasiya va islohotlar qilgan va el-yurt orasida obro` topgan biznes vakillarini munosib e`tirof etish uchun “O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan tadbirkor” faxriy unvonini ta`sis etishni taklif qilaman", dedi Prezident ochiq muloqotda.






