AsosiyJamiyat

2023 yil 1 yanvardan QQS stavkasi 12 foizga tushiriladi — Prezident

'2023 yil 1 yanvardan QQS stavkasi 12 foizga tushiriladi — Prezident'ning rasmi

Davlat rahbarining tadbirkorlar bilan muloqoti davom etmoqda
Ochiq muloqotda kichik va o`rta biznes uchun eng muammoli masalalardan biri qo`shilgan qiymat solig`ini hisoblash va qaytarish bilan bog`liqligi ta`kidlandi.

Prezident 2021 yilgi tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida biznes uchun soliq yukini tushirish siyosatini davom ettirib, qo`shilgan qiymat solig`i stavkasini yanada tushirishga va`da bergan edi.

«Ochiq aytishim kerak, “iqtisodiyot pandemiya tufayli hali to`liq tiklanmadi, jahon iqtisodiyotidagi vaziyat yaxshi emas, shu sababli buni keyinga qoldiraylik”, deb taklif berganlar ham bo`ldi.

Lekin sizlarni ishontirib aytaman: biz islohotlar yo`lidan hech qachon ortga qaytmaymiz va 2023 yil 1 yanvardan boshlab qo`shilgan qiymat solig`i stavkasini 12 foizga tushiramiz!», - dedi Shavkat Mirziyoev.

Joriy yil 1 iyuldan boshlab bo`sh bino, foydalanilmayotgan er uchastkasiga nisbatan mol-mulk va er soliqlarining oshirilgan stavkalarini qo`llash bekor qilingan edi.

Lekin avval oshirib hisoblangan soliqlar nima bo`ladi, degan savol 19 ming tadbirkorni bezovta qilmoqda va bu bo`yicha ko`plab murojaatlar kelib tushgan.

«Shularni inobatga olib, tadbirkorlarning oshirilgan soliq stavkalari bo`yicha hisoblangan 2 trillion so`mlik qarzlaridan butunlay voz kechsak, nima deysizlar?», - deya tadbirkorlarga murojaat qildi davlatimiz rahbari.
 

    Boshqa yangiliklar