Biroz avval Samarqandda ilk bor jigar transplantasiyasi amaliyoti bajarilgani ma`lum qilingan edi. Ammo ko`p o`tmay bemor ham, donor ham shifoxonadan chiqmay vafot etgani haqida xabar tarqaldi. Bu haqda Kun.uz’ga xabar bermoqda.
Ma`lum bo`lishicha, Samarqandda amalga oshirilgan ilk amaliyotda qatnashgan 57 yoshli bemor jigar sirrozi, subkompensasiya bosqichi bilan kasallangan bo`lib, unga 35 yoshli qizi donorlik qilgan.
Donor onasining tuzalib ketishiga katta umid bildirgan.
“Ayolim so`nggi ikki yilda ancha qiynaldi. Bir qator tekshiruvlar, muolajalarni boshdan o`tkazdi. Samarqand viloyat ko`p tarmoqli tibbiyot markazida o`tkazilgan tekshiruvlardan so`ng, shifokorlar shu erda operasiya qilish mumkinligini tavsiya qilishdi. Avvaliga o`zim donorlik qilmoqchi bo`ldim, shifokorlar to`g`ri kelmasligini tushuntirishdi. Shundan so`ng qizim donorlik qiladigan bo`ldi. Operasiya ham o`tdi, ayolim va qizimning oyoqqa turib ketishiga umid qildik. Biroq avval onasi, keyin qizim shifoxonadan chiqmay nobud bo`ldi. Allohning irodasi ekan” – dedi Abdumalik Qurbonov.
Onasiga donorlik qilgan ayolning turmush o`rtog`i va uch nafar farzandi bo`lgan. Uning turmush o`rtog`i operasiya o`tkazilayotganda Rossiyada bo`lgan. Xotinining donorlik qilishiga yozma tarzda rozi bo`lib, uni elektron tarzda shifokorlarga tashlab bergan.
“Ayolimni fikridan qaytarishga juda ko`p urindim. Donorlik qilsa, ertaga o`zi ham xastalanib qolishi mumkinligidan ogohlantirdim. Onasining tuzalib ketishi uchun qattiq turib oldi. Majburan rozi bo`ldim. Operasiyadan avval ham telefon orqali suhbatlashdik, ayolim sog`lom edi. Shifokorlar ham operasiya ijobiy o`tgani haqida ma`lumot berishdi. Biroq shifoxonadan chiqmay qaynonam ham, turmush o`rtog`im ham vafot etdi. Men otamning qarori bilan da`vo qilmay turibman. Biroq nega shifokorlar holatga yuzaki qarashdi? Hozir bizning qo`limizga xotinimni yurak bilan bog`liq muammo sabab vafot etdi, deb qog`oz berishgan. Sog`lom odamni operasiya stoliga olib, uning hayotini xavf ostida qoldirayotgan shifokorlar avval barcha choralarni ko`rib qo`ygan bo`lishi kerak emasmidi? Operasiyaga rozilik bildirdi degani, ularning o`limiga roziman, degani emasku” – dedi donorlikdan keyin vafot etgan ayolning turmush o`rtog`i Komiljon O`sarov.
O`sarovning qo`shimcha qilishicha, ayoli 2022 yilning bahorida ham ko`krak qismidan jarrohlik amaliyotini o`tkazgan.
Eslatib o`tamiz, shifokorlar operasiya 13 soat 20 daqiqa davom etganini ma`lum qilishgandi.
“Biz murakkab amaliyotni muvaffaqiyatli yakunladik. Bu Samarqand tibbiyotida yana bir yangilik bo`ldi. Jigar transplantasiyasi amaliyotini bajarishga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko`rdik. Buning uchun xodimlarimiz Moskva, Qozon, Kiev, Istanbul, Anqara shaharlarida malaka oshirib keldi”, - degan edi viloyat ko`p tarmoqli tibbiyot markazi bosh vrachi, Samarqand davlat tibbiyot universiteti kafedra mudiri Lutfullo Mahmanov.






