Ayrim ommaviy axborot vositalarida “Vazirlar Mahkamasi bayonnomasidagi 18-band qaerga yo`qoldi?” mazmunida xabarlar tarqatilmoqda.
Bosh vazir matbuot xizmati mas`ul xodimi Bekzod Hidoyatov ushbu xabarga aniqlik kiritib, quyidagilarni ma`lum qildi:
“Bugungi kunda amaldagi tartib bo`yicha g`allachilik yo`nalishdagi fermer xo`jaliklarini moliyalashtirish Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo`jaligini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash jamg`armasi mablag`lari hisobidan imtiyozli kreditlar shaklida tijorat banklari orqali to`g`ridan-to`g`ri ajratilishi belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 1 avgustdagi 189-sonli yig`ilish bayonining 18-bandiga asosan amaldagi tartibning ijrosini ta`minlash, uning nazoratini yanada kuchaytirish va ushbu masalaga javobgar bo`lgan vazirlik hamda idoralarining mas`uliyatini oshirish bo`yicha qo`shimcha vazifa sifatida belgilandi.
Shuni alohida ta`kidlash lozimki, Bayonning ushbu bandi o`z kuchida turibdi va bugungi kunda mazkur topshiriqning ijrosi bo`yicha bir qator ishlar amalga oshirilyapti.
Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo`jaligini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash jamg`armasi tomonidan 2023 yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlar ekish va g`alla etishtirish xarajatlarini moliyalashtirishga sarflanadigan mablag`lar hisob-kitob qilinmoqda.
Dastlabki hisob-kitoblar bo`yicha g`alla ekish bilan bog`liq birinchi navbatdagi tadbirlarga g`allachilik fermerlariga ajratish uchun 145 mlrd. so`m mablag`larga grafiklar ishlab chiqilgan va joriy yilning 22 avgustidan boshlab, grafik asosida moliyalashtirish ochiladi.
Mazkur bayonning qaytadan yuborilgan variantidagi 18-bandi ham turlicha talqin qilinmoqda.
Gap shundaki, 2023 yil hosili uchun asosiy turdagi sabzavot ekinlarini ekish davri joriy yilning avgust oyidan boshlanishini va dolzarbligini hisobga olib bayon loyihasiga 19-band sifatida kiritilgan edi.
Mazkur bayon dastlabki ijroga yuborilganda 19-band sifatida kiritilgan topshiriq texnik xato sifatida tushib qolgan.
Loyihadagi 19-band dolzarbligi hisobiga bayonning qayta ijroga yuborilgan variantida texnik xato natijasida 18-band o`rniga qo`yib yuborilgan.
2023 yil hosili uchun asosiy turdagi sabzavot ekinlarini ekish bo`yicha alohida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi va ijro uchun yuborildi”.






