AsosiyJamiyat

“O`zbekiston – Koreya: kelajakka nazar”...

'“O`zbekiston – Koreya: kelajakka nazar”...'ning rasmi

Ertaga Toshkent shahrida O`zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti ko`magida “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” Hamkorlik forumi Kotibiyati bilan birgalikda “O`zbekiston – Koreya: kelajakka nazar” ekspertlar anjumani o`tkaziladi.

Tadbir O`zbekiston va Koreya Respublikasi o`rtasida diplomatik munosabat o`rnatilganining 30 yilligiga bag`ishlangan qo`shma tadbirlar dasturiga muvofiq tashkil etilmoqda.

Bo`lajak forumning asosiy maqsadi siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash bo`yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat.

Yig`ilishda yuqori martabali vakillar – O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o`rinbosari, Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi bilan hamkorlik bo`yicha parlamentlararo guruh rahbari Sodiq Safoev, tashqi ishlar vaziri o`rinbosari Furqat Siddiqov, “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” Hamkorlik forumi Kotibiyati ijrochi direktori Li Chjon Guk, Koreyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Kim Xi Sang ishtirok etadi.

Anjuman maydonida ikki mamlakat tahliliy markazlari etakchi mutaxassislari va rahbarlari ham to`planadi. Jumladan, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Oripov, Markaziy Osiyo Xalqaro instituti direktori Anvar Nosirov, Xalqaro munosabatlar bo`yicha axborot-tahliliy markaz direktori Doniyor Qurbonov, Prognozlashtirirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori Umid Obidxo`jaev, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o`rinbosari Muhsinjon Xolmuhamedov va boshqalar so`zga chiqishi kutilyapti.

Koreya tomonidan Xanyang universiteti huzuridagi Osiyo – Tinch okeani mintaqasi tadqiqotlari markazi direktori Om Gu Xo, Koreya xalqaro iqtisodiy siyosati instituti Yangi shimol siyosati departamenti rahbari Pak Chjon Xo, Evroosiyo va turk tadqiqotlari instituti direktori O In Kyon, Seul milliy universiteti xalqaro munosabatlar kafedrasi professori Shin Bom Shik ma`ruza qiladi.

Qayd etish kerak, o`tgan o`ttiz yil davomida O`zbekiston – Koreya munosabati o`zaro hurmat, ishonch va  manfaatni hisobga olish tamoyili asosida izchil rivojlanib, o`ziga xos strategik sheriklik darajasiga ko`tarildi.

Yuqori darajadagi rasmiy muloqotning jadal rivojlanish sur`ati davlatlararo aloqani mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Faqat mamlakatlar etakchilari o`rtasida 18 marta sammit o`tkazilgan.

So`nggi besh yil ichida ikki davlat rahbarlari faol va muntazam ravishda uchrashuvlar o`tkazdi – 4 ta oliy darajadagi sammit bo`lib o`tdi.

O`zaro tovar almashinuvi va investisiya ko`rsatkichi o`sib borishi ham sheriklik mustahkamlanishining yuqori sur`atidan dalolat. 2016-2019 yillar oralig`ida tovar ayirboshlash 2.5 barobar zsib, 1.1 milliard dollardan 2.8 milliard dollarga etdi.

    Boshqa yangiliklar