Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda Kadastr agentligi axborot xizmati rahbari Ne`mat Atamuratov ma`lum qildi.
Kadastr agentligi tizimiga o`tgan 7 oyi davomida 1045 ta xodimlar tanlov asosida ishga qabul qilingan bo`lib, ularning 253 tasini rahbar xodimlar (hududiy boshqarma boshliqlari, tuman va shahar rahbarlari) tashkil etadi.
Shu bilan birga, tizimida faoliyat olib borayotgan 885 ta xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi.
Ularning 724 tasi mutaxassis xodimlar bo`lsa,
161 tasi rahbar xodimlarni tashkil etadi.
Ishdagi kamchiliklari uchun 3 nafar viloyat boshqarma boshliqlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Ishdan bo`shatilganlar orasida 37 ta xodim ishdagi kamchiliklari, sustkashligi, berilgan topshiriqlarni o`z muddatida bajarmasligi va ijro intizomiga amal qilmaganligi uchun lavozimidan chetlatilgan. Ularning 6 tasini rahbar xodimlar tashkil etadi.
7 oy davomida bir nechta sabablarga ko`ra 142 ta rahbar xodimlarga hamda 1301 ta mutaxassislarga intizomiy choralar ko`rilgan.
Shu bilan 7 oy davomida respublika bo`yicha jami 546 nafar xodimlarning kasbiy malakasini oshirish bo`yicha o`quv kurslar tashkil etildi va o`tkazildi.
Sohada korrupsiyani oldini olish bo`yicha tizimli ishlar olib borilayotgan bo`sa ham ochig`ini aytishimiz kerak hamon korrupsion holatlar uchrab turibdi. 2022 yilning 1 avgust holatiga jami 28 ta holatda korrupsiya bilan bog`liq jinoyat ishlari qo`zg`atildi. Shundan 6 ta holat kadastrda oldin ishlab ketgan sobiq xodimlar tomonidan amalga oshirilgan.
O`tgan 2021 yilda bu ko`rsatkich 55 tani tashkil etgan. Bu bilan sohada korrupsiya holatlari sezilarli darajada kamayaganini ko`rishimiz mumkin.
Korrupsiyani oldini olish borasida Agentlik tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan:
- O`zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo`mitasi huzuridagi Kadastr agentligi va O`zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o`rtasida o`zaro hamkorlik Memorandumi tuzildi; - Tizimda korrupsiyani oldini olish borasida xodimlar kesimida uchrashuv, seminar va davra suhbatlari shaklida 300 dan ortiq umumprofilaktik tadbirlar o`tkazildi.
- Agentlik tizimidagi 100 nafardan ortiq xodimga nisbatan yakka tartibda profilaktik tadbirlar o`tkazildi;
- Andijon, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo, Farg`ona va Xorazm viloyatlarida “Sirli mijoz” tadbirlari o`tkazildi hamda boshqa hududlarda ham bu ishlar davom ettirilmoqda;
- Kadastr agentligi tizimida qarindosh-urug`chilik, tanish-bilishchilik va manfaatlar to`qnashuvi bilan bog`liq holatlar bartaraf etish choralari ko`rildi va bu ishlar davom etmoqda;
- mahalla fuqarolari yig`ini binolariga Kadastr agentligining Ishonch telefoni aks ettirilgan namunaviy bannerlar joylashtirildi;
- Kadastr agentligida korrupsiyaga qarshi kurashish yo`nalishi bo`yicha 6 ta normativ hujjatlar ishlab chiqilgan bo`lsa, 5 ta normativ hujjatlar ishlab chiqish jarayonida.






