Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Xorazm viloyat boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro R.B. boshqa bir fuqaro S.ni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Urganch davlat universitetiga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 2 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar ushlangan. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma`lum qildi.
Shu kabi, Bog`ot tuman bo`limi va viloyat DXX xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro X.M. fuqaro I.ning Qirg`iziston Respublikasidagi o`qishini Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filialiga ko`chirib berish evaziga 3 000 AQSh dollarini olgan olgan vaqtida ashyoviy dalillar ushlangan.
Departament hamda DXXning Bekobod shahar bo`limlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda esa, fuqaro O.I. fuqaro S.ning Tojikiston Respublikasi oliygohidagi o`qishini Turin politexnika universitetiga ko`chirib berish evaziga 2 000 AQSh dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






