Shavkat Mirziyoev raisligida turizm sohasini yanada rivojlantirish, ichki turizm bozorini kengaytirish, turizm ob`ektlarini ko`paytirish hamda muzeylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig`ilishi davom etmoqda.
Yig`ilishda Qoraqalpog`iston, Samarqand, Toshkent viloyati va Toshkent shahridan boshqa hududlarda yoshlarga mos turistik xizmatlar juda kamligi ta`kidlandi.
Shningdek, “Oilaviy” va “barchasi ichida” xizmatlarini joriy qilish ishlari sustligi, cho`milish havzasi 1,2 mingdan ziyod mehmonxonaning faqat 30 foizida borligi ham tanqid qilindi.
"Misol uchun, Qamchiq dovonida (Ohangaron tumani) 2,5-3 ming metr balandlikda joylashgan Arashan ko`llar tizimidagi suv harorati qishin-yozin 36 gradus issiqlikda bo`lib, xorijiy kurortlardan qolishmaydi", dedi Davlat rahbari o`z so`zi davomida.
Yig`ilishda yurtimizda mavjud 122 ta muzey salohiyatidan foydalanilmayotgani ta`kidlandi.
Muzeylarda 2,5 mlndan ortiq ashyo saqlanib, 112 mingtasi nafaqat mamlakatimiz, balki jahon miqyosida noyob hisoblanadi.
“Lekin qaysi hokim muzeylar muammosi bilan shug`ullandi, degan savolga ijobiy javob yo`q.
Qoraqalpog`iston, Andijon, Buxoro, Farg`onada turizm bo`yicha o`rinbosarlar yaxshi ishlayapti. Qolgan hudud mas`ullari hali "uyg`ongani" yo`q", dedi Prezident.
Shu 4 ta hududdan tashqari barcha viloyat hokimlarining turizm bo`yicha o`rinbosarlariga 3 oy sinov muddati belgilash, yakuni bo`yicha lavozimga loyiqligini ko`rib chiqish topshirildi.






