25 aprel kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko`rgazmasida ishtirok etish uchun Rossiya delegasiyasi boshchiligida mamlakatimizda bo`lib turgan Rossiya Federasiyasi sanoat va savdo vaziri Denis Manturovni qabul qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O`zbekiston-Rossiya amaliy hamkorligini yanada kengaytirish masalalari ko`rib chiqildi.
O`zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, investisiya dasturlarini amalga oshirish va yangi mahalliylashtirish loyihalarini ilgari surish, ikki mamlakat hududlari kooperasiyasi uchrashuvning asosiy mavzusi bo`ldi.
Mashinasozlik, metallurgiya, qishloq xo`jaligi, engil sanoat, kimyo va farmasevtika tarmoqlarida qo`shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e`tibor qaratildi.
Shu munosabat bilan shu kunlarda Toshkent shahrida o`tayotgan sanoat ko`rgazmasi doirasidagi ishbilarmonlik tadbirlarining samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.






