Axborot-kommunikasiya texnologiyalarining hayotimizga keng joriy etilishi odamlarning og`irini engil, uzog`ini yaqin qilmoqda. Ya`ni, bugungi kunda mobil ilovalar orqali kredit, kommunal xizmatlarni onlayn to`lov qilish, kiyim-kechak va oziq-ovqatlarni xarid qilish mumkin. Bu bir tomondan vaqtingizni tejasa, ikkinchi tomondan ortiqcha sarsongarchiliklarning oldini olyapti. Mana shunday imkoniyatlardan ayrim shaxslar ezgu maqsad uchun emas, g`araz va past niyatlarda foydalanishmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O`zXDP fraksiyasi a`zosi Firdavs Sharipov o`z fikrlari bilan bo`lishdi.
Xususan, elektron to`lov vositasidan yoki masofiviy xizmat ko`rsatish tizimidan foydalanib firibgarlik, shuningdek, ushbu tizimlar orqali yashirin ravishda kirib o`zganing mol-mulkini talon-toroj qilish bilan bog`liq o`g`rilik jinoyatlari sodir etilmoqda.
Ushbu usul orqali sodir etilayotan jinoyatlarning xavfli va achinarli tomoni jinoyat sodir etgan shaxs noma`lum bo`lishi, ya`ni respublikaning xohlagan qismidan yoki chet eldan turib amalga oshirishi, etkazilgan zararni qoplash va uni aniqlashda qiyinchiliklarni tug`dirmoqda.
Bu esa fuqarolarning haqli e`tirozlariga sabab bo`lmoqda.
Raqamlardan ham ko`rinib turibdiki, bu kabi jinoyatlar soni oshib bormoqda. Ma`lumotlarga ko`ra, 2020 yilda shu mazmunda ichki ishlar organlariga 965 ta murojaat qilingan bo`lsa, 2021 yilda 1601 ta murojaat kelib tushgan. Hali bu murojaat qilingani. Kamroq miqdorda moddiy zarar ko`rgan jabrlanuvchilar “ovora bo`lib yuramanmi” qabilida ish tutib shikoyat qilmaganlar qanchadan qancha. O`tgan yilning o`zida bank plastik kartochkalaridan pul mablag`larini o`g`rilik yo`li bilan fuqarolarga 4 mlrd. 495,5 mln. so`m zarar etkazilgan.
Shuningdek, bank hisobvarag`idan pul mablag`larini o`g`irlash holatlari ham kuzatilmoqda. Misol uchun, 2020 yil sentyabr oyida noma`lum shaxslar tomonidan ikkita bank tomonidan fuqarolarga ochilgan VISA to`lov tizimlariga qilingan kiberhujum natijasida 466 ming AQSh dollari miqdorida pul mablag`lari talon-toroj qilingan.
Amaliyotda to`lov agregatorlariga (payme, click, oson va boshqalar) bog`langan telefon raqami va bank plastik kartochkalaridan o`g`rilik fuqarolarga to`lovni amalga oshirish uchun sms orqali yuboriladigan 4 talik maxsus kod-raqamini noqonuniy yo`l bilan egallab olish bilan sodir bo`lmoqda. Shuningdek, elektron savdo maydonchalari (OLX va boshqalar) orqali pul mablag`larini o`g`rilash holatlari ham mavjud.
Xalqimiz mehr-sahovatga intiladigan, yaxshilikni sog`inadigan, birovning og`ir kunida, bemor bo`lib qolganida ko`mak berishga oshiqadi. Eng achinarlisi, yordamga muhtoj bo`lgan fuqarolarga ehson qilingan mablag`larning huquqbuzarlar tomonidan firibgarlik bilan olib qo`yilishi ularning ahvolini yanada og`irlashtirmoqda.
Ma`lumotlar tahliliga ko`ra, mazkur jinoyatlarni sodir etayotganlarga nisbattan qo`llanilayotgan jazo choralari ta`sirchan emasligi natijasida takroran jinoiy faoliyat bilan shug`ullanish holatlari kuzatilmoqda.
Shu sababli, bu kabi qilmishlar uchun Jinoyat kodeksining tegishli moddalarini og`irlashtiruvchi holat sifatida javobgarlikni belgilovchi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida maromiga etkazilmoqda.
Albatta, bu orqali ushbu turdagi jinoyatlarga qarshi kurashish maqsad qilingan. Ammo, firibgarlar domiga tushib qolmaslik, shu kabi jinoyatlarning oldini olishda hushyorlikni unutmaslik, aldanmaslik, plastik kartochkangiz haqidagi ma`lumotlarni hech kimga bermaslik eng to`g`ri yo`l hisoblanadi.






