AsosiyJamiyat

Davlat imtihon olish markazlari Prezident qaroriga zid ravishda yopilgan

'Davlat imtihon olish markazlari Prezident qaroriga zid ravishda yopilgan'ning rasmi

Davlat imtihon olish markazlari Prezident qaroriga zid ravishda yopilgan. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev ma`lum qildi. 

Xabarga ko`ra, deputut keng jamoatchilik va saylovchilardan bo`layotgan murojaatlarni inobatga olib, Toshkent  shahrida haydovchilar uchun imtixon oluvchi «Yagona imtihon markazi» faoliyatining yo`lga qo`yilishi va davlat imtixon markazlari yopilishida  iste`molchilar huquqlari, raqobat hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi masalasida Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi raisi nomiga “deputatlik so`rovi” kiritgan:

 Kuni kecha Qo`mita ushbu so`rovga javob bergan:

— Qo`mitaning bildirishicha, Prezidentning 2020 yil 7 dekabrdagi “Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PQ-4913-sonli qarorning 1-bandi, to`rtinchi xatboshida tegishli hududlarda davlat funksiyalari o`tkazilayotgan sohalarda etarli miqdorda xususiy sektor sub`ektlari tashkil etilguniga qadar mazkur funksiyalarning davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ham amalga oshirilishi ko`rsatib o`tilgan.

 Biroq shunga qaramay hozirgi kunda respublikaning ba`zi hududlarida (Qashqadaryo viloyatida 2 ta, Surxondaryo viloyatida 3 ta hamda Toshkent viloyatida 6 ta) Ichki ishlar vazirligi tizimidagi Davlat yo`l harakati xavfsizligi xizmatining nazariy va amaliy imtihonlarni o`tkazish markazlari ushbu sohada etarli miqdorda xususiy sektor sub`ektlari tashkil etilmay turib, Prezident qarori talablariga zid ravishda faoliyati to`xtatilgan.

 Prezident qarorida aynan bir tashkilotga eksklyuziv huquqlar berilmagan hamda tegishli lisenziyaga ega bo`lgan barcha tadbirkorlik sub`ektlariga haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtixonlarni olish huquqi berilgan.

 Shu munosabat bilan Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi Prezident qarori talablariga zid harakatlar sodir etilayotganligi sababli Vazirlar Mahkamasi (Hukumatga) kiritish uchun tegishli taklif ishlab chiqibdi.

Taklifda Davlat yo`l harakati xavfsizligi xizmatining nazariy va amaliy imtihonlarni o`tkazish bo`yicha faoliyati ushbu xizmatni ko`rsatuvchi tadbirkorlik sub`ektlarining etarlicha tashkil qilinguniga qadar, ya`ni har bir hududda avval faoliyatda bo`lgan imtixon oluvchi davlat tashkilotlari  sonidan kam bo`lmagan xususiy sektor bozorga kirgandan so`ng to`xtatilishi nazarda tutilgan.  

Bunda masalan, Toshkent viloyatida 6 ta xususiy imtixon olish markazi tashkil etilgunga qadar 6 ta davlat markazi ishlashi kerak. Nima uchun 6 ta deyilsa, asos shuki yaqin vaqtgacha talabdan kelib chiqib Toshkent viloyatida 6 ta markaz faoliyat ko`rsatgan. Undan kami etmaydi.

 Demak, bundan xulosa kelib chiqadiki, bitta tadbirkorlik sub`ektining tezroq “soqqa ishlashi”ga imkoniyat berish uchun shoshib-pishib boshqa davlat imtixon markazlarini yopish orqali Prezident qarori talablari ham buzilgan.

 Endi savol: Qaror talablarini bunday talqin qilish va buzish kimga, nima uchun kerak bo`ldi?

 Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi javobi asosida biz ham endi hukumat va hukumat  a`zolariga so`rov kiritamiz, — deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar