8 mart har bir ayol e`tibor kutadigan kun, shubhasiz. Ona, rafiqa, ustozlar, qizu, amma-xolalargacha go`zal dil izhorlari bildiriladi.
“Darakchi” gazetasi va “darakchi.uz” sayti ijodkorlari ham 8 mart arafasida jamiyatimizning turli sohalarida faoliyat yuritayotgan eng fidoiy ayollarni tabriklab, ularning quyidagi ikki savol atrofidagi mulohazalarini eshitishni maqsad qildi.
1. Bayramlar sizning hayotingizda qanchalik ahamiyatga ega?
2. Jamiyatimizda ayollarning o`rnini qanday baholaysiz?
Malika USMONOVA, Toshkent shahar perinatal markazi neoonatologi:
— Hayotimda bayramlar katta ahamiyatga ega deb aytolmayman, lekin bayra baribir yaxshi-da. Chunki bu kunda yaqinlaringizni tabriklaysiz. Ularga yaxshi so`zlar, tilaklar va mehr ulashasiz. Lekin men faqatgina o`sha belgilangan kunlarnigina emas, hayotimizning ko`p qismini bayramlarga ajratgan bo`lardim. Chunki biror yutuqqa erishgan kuningiz bu — bayram. Oila qursangiz bu — bayram. Farzandli bo`lganingizda yana bir bayram. Shuning uchun ajratilgan kunlar bilangina cheklanib qolishni xohlamayman, hayotdan zavq-shavq olib, har bir kunimizni bayramga aylantirib yashashni hush ko`raman.
— Shaxsan o`zim yuqori lavozimlarda, boshqaruvlarda faoliyat yuritayotgan juda ko`p ayollarni bilganim uchun men aminmanki, jamiyatimizda chindanam, ayollarning o`rni yuqori darajada. Biz o`zbeklarda azaldan ayolni e`zozlash, uni avaylab-asrash, ko`ngliga qarash kabi tushunchalar ya`xshi shakllangan deb o`ylayman. Chunki shuncha yillik faoliyatim davomida nafaqat o`zimga nisbatan, balki yon-atrofimdagi hamkasb xotin-qizlarga yoki yufori lavozimda o`tirgan ayol tanishlarimga nisbatan hech qachon noto`g`ri nazarda qarashmagan. Kamsitishmagan. Doim hurmatini va izzatini joyiga qo`yib muomala qilishganligi bois men o`ylaymanki, bizning jamiyatda xotin-qizlar har doim har sohada sevimli bo`lib kelishmoqda. Mana shu o`rinda yurtimizdagi jamiki ayollarni bayram bilan samimiy qutlayman. Ularning har biriga oilaviy baxt, xotirjamlik tilayman. Ilohim har biri sog`-salomat bo`lishsin va hech qachon shifokorga ishi tushmasin (kuladi).
Mohinur RUSTAMOVA tayyorladi






