AsosiyJamiyat

Andijondagi maktablarda kechasi soat 22:00ga qadar tadbirlar o`tkazish talab qilinayotgani aytilmoqda

'Andijondagi maktablarda kechasi soat 22:00ga qadar tadbirlar o`tkazish talab qilinayotgani aytilmoqda'ning rasmi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaevga Andijon viloyatining qator tumanlaridan kelayotgan murojaatlarda aytilishicha, maktablarda kunduzi etmagandek kechasi ham o`quvchi va uyushmagan yoshlarning vaqtini mazmunli tashkil etish uchun to`garak va boshqa tadbirlar tashkil qilish talab qilinmoqda ekan.Deputat murojaatlarda o`qituvchilardan ertalabdan kechki soat 22:00 ga qadar maktabda bo`lish talab qilinayotgani haqida yozdi.

R.Kusherbaev normal jamiyatdagi odam kechasi 22.00da o`z uyida, oila davrasida bo`lishini ta`kidlab, "bu ko`zbo`yamachiliklar kimga, nima uchun kerak o`zi, tushuntiradigan bormi?» degan savolni o`rtaga tashlagan. 

Andijon viloyati xalq ta`limi boshqarmasi boshlig`i Azizbek Mirkomilovning «Daryo» muxbiriga izoh berishicha, ta`lim muassasalaridagi tadbirlar davlat rahbarining maktab ta`limini rivojlantirishga bag`ishlangan videoselektrida bergan topshirig`iga asosan mahallalardagi yoshlar etakchilari hamda maktab ma`muriyati bilan tashkil etilmoqda. Tadbirlar mahalla etakchilari va maktab ma`muriyati hamkorligida tashkil etilib,  direktorlarga tadbirlarga umuman o`qituvchilarni jalb qilmaslik buyurilgan.

 " - Agarda qaysi bir direktor o`qituvchilarni majburlasa, unga nisbatan tegishli chora ko`rilishi ta`minlanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan o`qituvchilardan maktabda ertalabdan kechgi 22:00 gacha bo`lish talab etilayotgani haqidagi xabarlar asossiz», — degan u.

Azizbek Mirkomilov, shuningdek, o`zining Facebook’dagi sahifasida holatga munosabatini bildirib, o`qituvchilarga o`z murojaatini yo`llagan.

Hurmatli hamkasblar, tashkil etilayotgan barcha tadbirlar uchun o`z minnatdorchiligimni bildiraman. Biroq oramizda, bunga o`qituvchilar majburlanyapti, deb jar solayotgan ayrim do`stlarimiz ham borligi ochig`i meni quvontirdi. Chunki ish bor joyda, albatta, kamchilik, turli ziddiyatlar va qarashlar bo`ladi. O`sha do`stlarimizga savol «Siz nimani hisobiga asoslanmagan xabarlarni tarqatmoqdasiz? Onlayn darsni yoki biron o`quvchini o`zlashtirish jarayonini vijdonan nazorat qildingizmi? Sizlarga ish bo`lmasdan faqat gap tashib, g`iybat qilsangiz... Qani edi ta`lim sifatiga ham ana shunday fidoyilik bilan yondoshsangiz, Andijon ta`limi yuksalarmidi? Ish qilmasdan guruhlardagi rasmlarni kimlargadir tashlab berib nima foyda ko`rasiz?»

O`zingizning ishingizni uddalay olmasangiz hech bo`lmasa ishlaganlarga xalaqit bermay turing. Tadbirlar mahalla etakchilari va maktab ma`muriyati tomonidan tashkil etilyapti. Vijdonli va diyonatli o`qituvchilarimiz esa o`quvchilarining o`zlashtirishi bilan band. Ularga boshim erga tekkuncha ta`zimdaman. Kamchilik izlayotgan ayrim bekorchilarga esa (ustoz deyishga tiling bormaydi) insof tilab qolaman. Gruppalardagi rasmlarni tashlashda davom eting.

Barcha umumta`lim maktablari direktorlari mahalladagi yoshlar etakchilariga qanot bo`ling, ularga yoshlar bilan ishlashni o`rgatib maktablarimizni haqiqiy ma`naviyat va ma`rifat o`chog`iga, ziyo maskaniga aylantirishda hech ham charchamanglar. Sport zal va maydonlarimiz, kompyuter xonalari doimiy yoshlar bilan gavjum bo`lsin. Sizlardan yangi haftada yangi g`oya va tashabbuslarni kutib qolaman.

Aytganch, yana bir quvonchli xabar joriy yilning 7 fevral sanasidan oflayn o`qishga qaytamiz. O`qituvchi va o`quvchilarimizni kovid degan balodan asrab, karantin tartib qoidalariga amal qilgan holda ish tashkil etishimiz kerakligini unutmanglar. Jamiyatimizga foydamiz tegib, go`zal fikrlab, go`zal yashashga harakat qilaylik.

Azizbek Mirkomilov, Andijon viloyati xalq ta`limi boshqarmasi boshlig`i 

Xalq ta`limi boshqarmasi axborot xizmatining ma`lum qilishicha, belgilangan tadbirlarni o`tkazilishida yoshlar etakchilari, mahalla fuqarolari yig`ini raislari bilan o`zaro hamkorlikda namunali ish tashkil qilgan maktab rahbarlari boshqarma boshlig`i tomonidan faxriy yorliq hamda bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlash yo`lga qo`yiladi.

    Boshqa yangiliklar