AsosiySiyosat

Taraqqiyot strategiyasi: Davlat dasturi ijrosi doirasida 55 trln so`m va 11,7 mlrd dollar mablag` yo`naltirilishi ko`zda tutilmoqda

'Taraqqiyot strategiyasi: Davlat dasturi ijrosi doirasida 55 trln so`m va 11,7 mlrd dollar mablag` yo`naltirilishi ko`zda tutilmoqda'ning rasmi

Senatning navbatdagi yalpi majlisida “2022–2026 yillarga mo`ljallangan Yangi O`zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug`lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini ta`minlash masalari muhokama qilindi. Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar bermoqda. 

Harakatlar strategiyasining mantiqiy davomi bo`lgan Taraqqiyot strategiyasida yaqin va o`rta istiqbolda O`zbekistonning rivojlanish tendensiyalari, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarini kompleks rivojlantirish yo`nalishlari aniq belgilangan.

Ushbu tarixiy hujjatning ahamiyati shundaki, uni ishlab chiqishda mavjud muammolar e`tiborga olindi, echimini kutayotgan dolzarb vazifalar aks ettirildi. Eng muhimi, hujjatning ishlab chiqilishida xalqimiz faol ishtirok etdi.

Taraqqiyot strategiyasida 7 ta ustuvor yo`nalish bo`yicha “Inson qadri uchun – 100 ta maqsad” belgilab olingan.

Davlat dasturi ijrosi doirasida 55 trln so`m va 11,7 mlrd dollar miqdorida mablag` yo`naltirilishi ko`zda tutilmoqda.

Davlat dasturining inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish yo`nalishi ijrosini ta`minlash Oliy Majlis palatalari mas`ul etib belgilangan.

Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta`minlash va daromadlarini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan parlament nazorati yo`lga qo`yiladi.

Davlat dasturi mahalla instituti faoliyatining samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo`g`iniga aylantirish bo`yicha choralarni ham nazarda tutadi. Bunda hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda mahallalarning vakolatlarini, ularning jamoatchilik bilan aloqalarini kengaytirish, hokim yordamchilari faoliyatini samarali yo`lga qo`yishga ko`maklashish kabi vazifalar amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining institusional asoslarini zamon talablariga moslashtirish, davlat boshqaruvi organlari faoliyatini “fuqarolarga xizmat qilishga yo`naltirish” tamoyili asosida transformasiya qilish, ixcham, professional, adolatli, yuqori natijadorlikka xizmat qiladigan davlat boshqaruvi tizimini joriy qilish kabi ustuvor yo`nalishlar belgilangan.

Shuningdek, byudjet tashkilotlariga aniq strategik vazifalar qo`yish, ularga so`rov yuborish amaliyoti joriy qilinadi. Hududlar bilan to`g`ridan-to`g`ri, masofaviy ishlash yo`lga qo`yiladi, hududlarni rivojlantirish masalalarida vakillik organlari ishtiroki kuchaytiriladi.

Muhokamalarda ushbu vazifalarning joylardagi ijrosi Senatning tegishli qo`mitalari hamda hududlardagi senatorlar va mahalliy Kengashlarning diqqat markazida bo`lishi lozimligi ta`kidlandi.

 

 

    Boshqa yangiliklar