Ijtimoiy tarmoqlarda yo`lning qatnov qismini ajratib turuvchi bordyur ustida yosh yigitning ovqatlanayotganligi aks etgan video tarqaldi va ko`plab muhokamalarga sabab bo`lmoqda.
Xo`sh, bu "Oshing halol bo`lsa, ko`chada e-mi?" , yoxud yosh yigitning xurmacha qiliqlari? Bunga uni kim undagan?
Poytaxt IIB holat yuzasidan tekshiruv o`tkazilganini ma`lum qildi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 31 yanvar kuni taxminan soat 10.00 larda 2004 yilda tug`ilgan bola Shayxontohur tumani Xadra m.f.y. hududidagi yo`lning qatnov qismidagi bordyur ustida ovqatlangan va buni videotasvirga olgan.
"Voyaga etmagan S.O. ushbu xatti-harakatlari bilan o`zini va atrofdagi shaxslarning hayotini xavf ostiga qo`yib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimagan",-deyiladi IIB xabarida.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan voyaga etmagan S.O. bilan profilaktik suhbat o`tkazilgan, uning onasiga esa O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 47-moddasiga (“Bolalarni tarbiyalash va ularga ta`lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik”) asosan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.






