Navoiyda fuqaroni 600 dollar evaziga maktabga o`qituvchilikka kiritib qo`yishni va`da qilgan shahar Xalq ta`limi bo`limi xodimi va viloyat XTB haydovchisi ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov darakchi'ga ma`lum qildi.
Ma`lum bo`lishicha, Navoiy viloyat Xalq ta`limi boshqarmasi haydovchisi N.T. fuqaro N.H.ni boshqarmada ishlovchi tanishi orqali Navoiy shahar 2-sonli umumta`lim maktabining rus tili fani o`qituvchisi vazifasiga ishga kiritib qo`yishni va`da qilgan. Buning evaziga u fuqarodan talab qilgan 600 AQSh dollarini joriy yilning 29 yanvar kuni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, shu kunni o`zida tezkor tadbir davom ettirilib, Navoiy shahar Xalq ta`lim bo`limi kadrlar bo`yicha inspektor-metodisti vazifasini bajaruvchi I.U. haydovchi N.T. dan kimyoviy ishlov berilgan 600 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan haydovchi N.T. va U.I.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “b” bandi va 28,211-moddasi
1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Hozirgi kunda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






