Shavkat Mirziyoev raisligida videoselektor yig`ilishi boshlandi:
«Hammangiz yaxshi bilasiz, xalqimiz azaldan tabiatni muqaddas deb bilgan. Tuproqni, suvni, havoni, ostonasini pok saqlashga intilgan. Xalqimizda «Birni kessang, o`nni ek» degan dono maqol ham bejiz aytilmagan.
Oilada yangi farzand dunyoga kelsa, unga atab nihol ekilgan. Afsuski, mana shu ezgu odatlar bugun deyarli yo`qolib ketdi. Odamlarimiz hatto eshigi va hovlisi atrofini tozalashdan, daraxt, gul, ko`chat ekib, saranjom-sarishta qilib qo`yishdan erinadigan bo`lib qoldi.
Nega bu masalada OAV orqali hamda mahallalarda bong urilmayapti? Qani mahalla faollari, nuroniylarimiz va jamoatchiligimiz? Afsuski, ko`pchilik tomoshabin bo`lib qolmoqda», — dedi davlatimiz rahbari.
«Eng muhim masala — aholining ekologik madaniyatini oshirish haqida jiddiy bosh qotirishimiz zarur.
Bugun ko`chaga yoki istalgan joyga qarang. Hamma joyda odamlar tashlab ketgan chiqindilarni ko`rasiz.
Biz ona yurtimizni muqaddas deymiz. Agar shu yurt, shu tuproq biz uchun muqaddas bo`lsa, nima uchun uni toza-ozoda saqlamaymiz?» — deya mavzuni davom ettirdi Prezident.






