Kecha, 1 fevral kuni bir qator vazirliklar mas`ullari ishtirokida mahalla tuzilmasiga oid elektron platformalar (ma`lumotlar bazasi, dasturlar)ni ishlab chiqish, ularni integrasiya qilish masalalari yuzasidan uchrashuv bo`lib o`tdi. Bu haqda Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati ma`lum qildi.
Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vaziri o`rinbosari Botir Parpiev yig`ilish davomida mahalla instituti tuzilmasiga oid qator vazifalarga to`xtalib o`tar ekan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 martdagi PF-6196-son Farmoniga muvofiq, Ichki ishlar vazirligiga “Smart mahalla” axborot dasturini ishga tushirish, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 fevraldagi PQ-4602-son qaroriga muvofiq, Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligiga “Mahalla” elektron ma`lumotlar bazasini takomillashtirish vazifasi yuklatilganligini ta`kidlab o`tgan.
Ta`kidlanishicha, takliflar asosida barcha davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari uchun foydalanish majburiy bo`lgan, identifikasiyalashning unikal (ID) raqamiga ega mahalla ma`lumotnoma va klassifikatorlar yagona registri hamda har bir mahalla fuqarolar yig`inining raqamli pasportlari yagona bazasini ishlab chiqish bo`yicha zarur choralar belgilab olingan.
Shuningdek, mavjud tashkilotlarning sohaga doir shakllangan dasturlari, ularning ishlash mexanizmlaridan kelib chiqqan holda mahalla institutining yangi elektron platformasini tashkil etish bo`yicha zarur takliflar ishlab chiqish muhimligi qayd etilgan.






