Joriy yilning 29 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish boshqarmasining "Facebook"dagi rasmiy sahifasida xorijiy videoblogerlar tomonidan "Indiana Jons O`zbekistonda" nomi bilan suratga olingan qisqa metrajli film e`lon qilingan edi. Biroq videoda O`zbekiston tarixidagi muhim shaxslardan biri, Temuriylar davlatining asoschisi Sohibqiron Amir Temur - qonxo`r bosqinchi sifatida keltirilgan.
Video Samarqand shahrida suratga olingan. Uning kirish qismi shunday boshlanadi:
“Timur Tamerlan – dunyodagi eng mashhur bosqinchilardan biri bo`lib, u haqidagi barcha hikoyalar qonli daryolar bilan tugaydi".
Amir Temurning salbiy qahramon sifatida ko`rsatilishi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va ayniqsa o`zbek ziyolilarining yirik e`tirozlariga sabab bo`ldi.
Amir Temur shaxsi qoralab ko`rsatilgan mazkur videorolik yuzasidan Turizm va sport vazirligi munosabat bildirdi.
Ular mazkur video Turizm va sport vazirligi tashabbusi bilan suratga olingani haqidagi fikrlardan qochishga chaqirgan.
“Birinchidan, ushbu videorolik Turizm va sport vazirligi tashabbusi bilan tasvirga olinmagan, mualliflar bilan bu bo`yicha hech qanday kelishuv ham bo`lmagan",-deya qayd etiladi.
Vazirlik sohibqiron haqida aytilgan fikrlarga hayrihoh emasligini bildirdi. Biroq...
"Shunday bo`lsa-da, qayd etish joizki, videoroliklarda tomoshabinning e`tiborini jalb qilish uchun ham "badiiy to`qima" qo`llanilgan bo`lishi mumkin, bu auditoriyani jalb qilish maqsadida tez-tez ishlatiladigan uslubdir. Videorolikning o`zini umumiy oladigan bo`lsak, bu kabi videolar mamlakatimizning turistik salohiyatini targ`ib qilishda ijobiy xizmat qiladi",-deyiladi.






