1 fevral kuni Moskva shahrida O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Rossiya Federasiyasi sanoat va savdo vaziri D.Manturov bilan uchrashdi. Bu haqda Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi Matbuot xizmati xabar qildi.
Ikki Davlat rahbarlarining uchrashuvi hamda undan oldin o`tgan yilning noyabr oyida bo`lib o`tgan qo`shma tadbirlar davomida erishilgan umumiy qiymati qariyb 7,5 milliard dollarlik 143 investisiya loyihasi va 1,6 milliard dollarga teng bo`lgan 455 savdo bitimining amalga oshirilishi ko`rib chiqildi. Tomonlar loyihalar va shartnomalar hayotga joriy etilishining hozirgi holatini muhokama qilib, ularni ilgari surish bo`yicha birgalikda amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Oldindan kelishilgan loyihalarni amalga oshirishni qo`llab-quvvatlash hamda metallurgiya, mashinasozlik va kimyo sanoati kabi istiqbolli tarmoqlarda investisiyaviy hamkorlikning yangi yo`nalishlarini ishlab chiqishni nazarda tutgan holda O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan Rossiya Federasiyasi Sanoat va savdo vazirligi o`rtasida tashkil etilgan “Loyiha ofisi”ning faoliyati o`rganildi. Tomonlar shakllantirilayotgan loyihalarni ko`rib chiqishni tezlashtirishga, shuningdek ularni sifatli va o`z vaqtida amalga oshirishni ta`minlashga qaratilgan aniq mexanizm va muddatlar ko`rsatilgan alohida “Yo`l xaritalari”ni ishlab chiqish va tasdiqlashga kelishdilar.
Rossiya texnologiyalarining yuqori darajasi va O`zbekistonda farmasevtika yo`nalishidagi xorijiy kompaniyalar faoliyati uchun yaratilgan qulay sharoitlar tufayli muhim ahamiyatga ega bo`lgan farmasevtika sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida e`tibor qaratildi. Ikki mamlakatning tegishli vazirliklari va ilmiy-tibbiyot markazlarini jalb qilgan holda bu boradagi qo`shma ishlarni faollashtirishga kelishib olindi.
Birinchi navbatda investisiyaviy va savdo-iqtisodiy sohalardagi sheriklikni kengaytirishni nazarda tutib, Rossiya va O`zbekiston hududlari o`rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish borasida navbatdagi tadbirlar belgilandi. Yangi investisiyaviy loyihalarni va savdo shartnomalarini hayotga tatbiq etish bo`yicha takliflarni ishlab chiqish maqsadida joriy yilda Rossiya Federasiyasining 42 ta sub`ektiga O`zbekistonning barcha 14 ta hudud rahbarlarining biznes missiyalarini tashkil qilish, shuningdek, muntazam ravishda onlayn muzokaralar olib borish rejalashtirilayotgani ma`lum qilindi.
O`zaro hamkorlikni yo`lga qo`yish bo`yicha aniq kelishuvlarga erishish maqsadida to`qimachilik, charm – poyabzal, oziq-ovqat, elektrotexnika va kimyo sanoati, qurilish materiallari va mashinasozlik, qishloq xo`jaligi sohalarida O`zbekiston kompaniyalari bilan hamkorlik qilishga qiziqayotgan Rossiyaning yirik importchilari va savdo tarmoqlari ishtirokida yaqin kelajakda maxsus missiyalarni tashkil qilish istiqbollari ham ko`rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlikning alohida yo`nalishlari muhokama qilindi va ularning har biri bo`yicha kelgusidagi qo`shma sa`y-harakatlar belgilandi.






