AsosiyJamiyat

Yangi O`zbekiston taraqqiyot strategiyasi loyihasi xorijdagi vatandoshlar ishtirokida muhokama qilindi

'Yangi O`zbekiston taraqqiyot strategiyasi loyihasi xorijdagi vatandoshlar ishtirokida muhokama qilindi'ning rasmi

2022 yil 10 yanvar kuni Toshkent shahrida Yangi O`zbekistonning 2022-2026 yillarga mo`ljallangan taraqqiyot strategiyasi loyihasini muhokama qilish, bunda xorijdagi vatandoshlar, jumladan, yoshlar, ekspertlar, akademik doira vakillari, tadbirkorlar, mehnat migrantlarini O`zbekistonni rivojlantirishga jalb etish va ularni rag`batlantirish choralarini ko`rish maqsadida onlayn muloqot o`tkazildi. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar berdi. 

Mazkur muloqot Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi, “Yuksalish” umummilliy harakati va “Vatandoshlar” jamoat fondi bilan hamkorlikda tashkil etildi. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston RespublikasiMilliy markazi direktori Akmal Saidov tadbirni ochar ekan, Yangi O`zbekiston taraqqiyot strategiyasining muhim jihatlariga to`xtaldi.

Mamlakatimizda “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida aholi farovonligini yanada yuksaltirish, iqtisod tarmoqlarini transformasiya qilish, inson huquqlari va manfaatlarini so`zsiz ta`minlash, faol fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasidagi islohotlarning ustuvor yo`nalishlarini belgilab olish maqsadida Yangi O`zbekistonning 2022–2026 yillarga mo`ljallangan taraqqiyot strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi. 

Loyiha ayni kunlarda regulation.gov.uz, jamoatchilik.uz va 2022-2026.strategy.uz elektron platformalari orqali jamoatchilik o`rtasida keng muhokama qilinmoqda. Fuqarolarga o`z takliflarini bildirish imkoniyatlari ham yaratildi. 

Taraqqiyot strategiyasi loyihasida “inson manfaatlari hamma narsadan ustun” umumiy tamoyilini birlashtiruvchi 7 ta ustuvor yo`nalish belgilangan. Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, uning o`sish sur`atlarini zamon talablari darajasida ta`minlash, adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish ustuvor yo`nalishlari shular sirasiga kiradi.

Umumbashariy muammolarga milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda echim topish maqsadida xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan doimiy va samarali aloqalar o`rnatish ko`zda tutilgan. Muloqotda xorijdagi vatandoshlarni O`zbekiston hududida tadbirkorlik, investisiyaviy, ilmiy, ma`rifiy va madaniy faoliyat bilan shug`ullanishga faol jalb qilish, vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalarini qo`llab-quvvatlash istiqbollari muhokama qilindi. 

Xorijda yashovchi vatandoshlarning muammolarini o`rganish, tizimli asosda tahlil qilib borish va ularning echimi yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish muhimligi qayd etildi. Jumladan:

  • konsullik xizmatlarini ko`rsatish jarayonlarini soddalashtirish;
  • chet ellarda og`ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga yordam berish;
  • xorijda o`zbek tilini, madaniyati va an`analarini saqlab qolish va rivojlantirishga qaratilgan faoliyatni qo`llab-quvvatlash;
  • O`zbekistonning boy ilmiy, madaniy va ma`naviy merosini keng targ`ib qilish va ommalashtirish borasida fikr almashindi.

Tadbirda ishtirokchilar davlat va jamiyat qurilishini yanada isloh qilish, iqtisodiyot, sud-huquq tizimini, ijtimoiy sohani liberallashtirish, pragmatik tashqi siyosat yuritish bo`yicha ham o`z fikr va takliflarini bildirdi. 

Bundan tashqari, xorij investorlari ekologik va ijtimoiy masalalarga e`tiborli ekanini inobatga olib, xayriya faoliyati uchun soliq imtiyozlari, biznesda korporativ ijtimoiy mas`uliyat tamoyillarini joriy etish O`zbekistonning xalqaro maydondagi obro`si va imijini oshirishga xizmat qilishi ta`kidlandi.

    Boshqa yangiliklar