Davlat rahbari tomonidan barcha mahalliy hokimlik hamda sektor rahbarlarining mehnat ta`tiliga chiqishi va davolanishini 2 bosqichda o`tkazish maqullandi. Bu haqda UzA xabar qilmoqda.
Ma`lumotlarga ko`ra, ta`til «Mahalliy o`zini o`zi boshqarish organlari to`g`risida»gi qonunning 21-moddasi asosida va Prezident Administrasiyasining 25 dekabrdagi topshirig`iga asosan o`tkazilmoqda. Viloyat hokimining o`rinbosarlari, maslahatchilari va yordamchilari, tashkiliy-kadrlar guruhlari rahbarlari, tumanlar va shaharlar hokimlari hamda ularning o`rinbosarlari, tuman va shaharlar sektorlari rahbarlari uchun mehnat ta`tillari tegishli muddatga belgilandi.
Birinchi bosqichda ta`tilga chiqayotgan tuman va shahar hokimlarining vazifalari vaqtinchalik hokim o`rinbosarlari zimmasiga yuklatildi. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bilan bog`liq qarorlar va farmoyishlar tuman va shahar hokimi vazifalarini bajarish vaqtincha yuklangan hokim o`rinbosarlari tomonidan tuman va shahar hokimi bilan kelishilgan holda qabul qilinadi.
Shuningdek, hokimlarga ularning o`rinbosarlarini 2022 yil 17 yanvardan sog`lig`ini tiklash maqsadida mehnat ta`tiliga chiqarishni ta`minlash topshirildi.
Shahar va tuman hokimlari Tibbiyot bosh boshqarmasining 1-son va 2-son shifoxonalari, “Qibray”, Rossiyadagi O`zbekiston va Yalta sanatoriyalarida hamda Kasaba uyushmalari Federasiyasining “Chinobod Plaza”, “Turon” va “Oqtosh” sanatoriyalarida sog`ligini tiklaydi. Quvasoy shahar hokimi yaqinda ish boshlagani bois ish faoliyatini davom ettirmoqda.






