Toshkent shahridagi «Samarqand darvoza» savdo majmuasi oldida o`t o`chirish moslamasini yoqib, uning portlashi natijasida odamlar jarohatlangani haqida ma`lumot bergan edik.
Toshkent shahar IIB holat bo`yicha qo`shimcha ma`lumot berdi.
Xabarda aytilishicha, joriy yil 1 yanvar tungi soat 00.45 larda Shayxontohur tumani “Qoratosh” ko`chasi avtoqatnov yo`lida bir nechta fuqarolar bayram bahonasi bilan yig`ilib, avtoyo`lni ajratib turuvchi to`siqqa mushakbozlik qilish maqsadida qo`lbola usulda yasalgan “o`t o`chirish” moslamasini joylashtirib, tagidan olov yoqishi oqibatida moslama portlab bo`laklarga bo`linib ketgan.
Natijada fuqarolar 1999 yilda tug`ilgan M.A. (Tashxis: o`ng oyoq boldir, tovon sohalari yirtilgan jarohati) hamda 2006 yilda tug`ilgan X.N. (Tashxis: o`ng oyoq panja qismi yirtilgan, majaqlangan jarohati) turli ko`rinishdagi jarohat olganlar.
Holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB Tergov bo`limi tomonidan fuqarolar I.A., U.M., A.L., Z.X.larga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 250-moddasi (“Portlash xavfi bo`lgan moddalar yoki pirotexnika buyumlaridan foydalanish qoidalarini buzish”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi. Tergov davom etmoqda. Aybdor shaxslar qonun oldida javob beradi.
Hurmatli fuqarolar! Portlash xavfi bo`lgan moddalar yoki pirotexnika vositalaridan foydalanish hayot va sog`liq uchun xavfli ekanligini, bunday vositalarni qo`lbola usulda yasash va foydalanish mumkin emasligini unutmang.






