AsosiyJamiyat

Yangi yil dasturxoni: ovqatdan zaharlanib qolmaslik uchun amal qilish kerak bo`lgan qoidalar

'Yangi yil dasturxoni: ovqatdan zaharlanib qolmaslik uchun amal qilish kerak bo`lgan qoidalar'ning rasmi

AOKAda “Yangi yil bayrami va dam olish kunlari turli ko`rinishdagi ovqatdan zaharlanishlarning oldini olish masalalari” yuzasidan o`tkazilgan brifingda  Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati sanitariya-gigiena boshqarmasi bosh mutaxassisi, tibbiyot fanlari nomzodi Abdurahmon Ismoilov aholi amal qilishi lozim bo`lgan qoidalarga to`xtaldi.

  • Har bir mahsulotlarni faqat ruxsat etilgan joylardan xarid qiling;
  •  mahsulot sifatini kafolatlovchi hujjatlar mavjudligiga ishonch hosil qiling;
  •  mahsulotlarning iste`molga yaroqlilik muddatlariga e`tibor qarating;
  •  mahsulotning sifati va aynan shu mahsulotlarga xos belgilarining o`zgarmaganligiga ishonch hosil qiling.

Vaholangki, uy bekalarimiz tomonidan bayram dasturxoniga qo`yiladigan eguliklar, har xil turdagi issiq va sovuq gazaklar, shirinliklar, taomlar va ichimliklar haddan ortiq ko`p miqdorda tayyorlanadi.

Tayyorlangan mahsulotlarning bir-biriga mos kelishi yoki kelmasligiga qaramasdan iste`mol qilinishi me`da-ichak faoliyatining buzilishiga sabab bo`lishi mumkin.

Ayniqsa, bu kabi holatlar dasturxon atrofida yig`ilgan yosh bolalar va yoshi kattalar salomatligiga raxna solishi ehtimoli yo`q emas. Shu bois ham bu kabi oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor taomlarni iste`mol qilishimizda har birimiz yoshimizga e`tiborli bo`lishimiz kerak.

Shu o`rinda aytib o`tish kerakki,  aynan Yangi yil bayrami dasturxoniga uy sharoitlarida tayyorlangan, germatik idishlarga qadoqlangan konserva mahsulotlarini qo`yish odat tusiga aylanib qolgan.

Bilib qo`yishimiz kerak bo`lgan bir asosiy jihat shuki, uy sharoitida konserva mahsulotlarini tayyorlash texnologiyasiga amal qilib bo`lmaydi. Shu bois ham bu kabi mahsulotlarni iste`mol qilish natijasida “Ovqatdan zaharlanish – botulizm” kasalligi yuzaga kelishi mumkin. Bu nafaqat kuchli zaharlanish balki, ayrim insonlarning hayotdan erta ketishiga sabab bo`layotgan omil ekanligini unutmaylik.

Uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini iste`mol qilish bilan bog`liq ko`plab  ko`ngilsizliklarga guvoh bo`lamiz. Har safar uning asosiy sababi uyda tayyorlangan konserva mahsulotlaridir.

Bugungi kunda mo`l-ko`lchilik, qanday mahsulotni qidirsangiz savdo majmualarida bemalol topa olasiz. Uyda tayyorlangan konserva mahsulotlarisiz ham dasturxonimizni to`ldirish mumkin.

Brifing so`ngida aholining ovqatdan zaharlanishini oldini olish – bu nafaqat tibbiyot xodimlari, balki har bir tadbirkorning ham, fuqaroning ham asosiy vazifasi ekanligi, salomatlikni asrab-avaylash o`z qo`limizda ekanligi ta`kidlab o`tildi.  

 

    Boshqa yangiliklar