Davlat xavfsizlik xizmatining Qoraqalpog`iston Respublikasi bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda “Samarqand-Beruniy” yo`nalishida harakatlanayotgan “Kobalt” rusumli avtomashina Xorazm viloyatidagi “Sarimoy” yo`l-patrul xizmati maskanida to`xtatilib, ko`zdan kechirildi.
Natijada, unda yo`lovchi sifatida ketayotgan, To`rtko`l tumanida yashovchi, 1981 y.t., muqaddam ikki marotaba sudlangan fuqaro yonida 1 kg “geroin” giyohvand moddasi borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ma`lum bo`lishicha, mazkur giyohvand modda tojikistonlik narkokur`erlar tomonidan Samarqand viloyatining Urgut tumani hududiga kontrabanda yo`li bilan o`tkazilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda Xovos tumanida yashovchi, 2000 va 2002 yillarda tug`ilgan 2 nafar fuqaro “o`zbek-tojik” davlat chegarasi hududida to`xtatilib, tekshirilganda, ularning yonida 1 kg 815 gr. “gashish” giyohvand moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Aniqlanishicha, ular qo`shni davlat hududiga noqonuniy o`tib, tojikistonlik tanishlaridan narkotik moddani olib, O`zbekistonga qaytishgan.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu narkotikning buyurtmachisi, 1985 y.t., muqaddam sudlangan shaxs ham qo`lga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlarining viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda o`tkazgan tezkor tadbirida esa “Andijon-Namangan” yo`nalishida harakatlanib kelayotgan, Uychi tumanida yashovchi, 1979 y.t. fuqaro boshqaruvidagi “Neksiya” rusumli avtomashina “Norin” yo`l-patrul xizmati maskanida to`xtatildi.
Avtomashina ko`zdan kechirilganda, uning salonida 942 gr. “gashish” giyohvand moddasi borligi aniqlanib, o`rnatilgan tartibda olib qo`yildi.
Aniqlanishicha, ushbu “gashish” moddasi qirg`izistonlik narkokur`erlar tomonidan Andijon viloyatiga olib o`tilgan.
Hozirda mazkur holatlar bo`yicha Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






