Bugun Bahrayn davlatida bo`lib o`tayotgan yoshlar o`rtasida IV Para Osiyo o`yinlari o`z yakuniga etadi. Ushbu nufuzli musobaqaning so`nggi kunida hamyurtlarimiz para suzish hamda para pauerlifting sport turlari bo`yicha o`tkazilayotgan bahslarda ishtirok etishdi.
Jumladan, para suzishning S8 klassida erkaklar o`rtasida 100 metrga chalqancha usulda suzish bahslarida Azizbek Boynazarov belgilangan masofani 01:21:39 daqiqa ichida bosib o`tdi va marraga birinchi bo`lib etib keldi. Shu tariqa hamyurtimiz oltin medalga sazovor bo`ldi.
Para pauerlifting bo`yicha erkaklar o`rtasida -65 kg vazn toifasidagi bahslarda Sherali Ahmedov 138 kg toshni o`ziga bo`ysundirdi va u ham oltin medalni qo`lga kiritdi.
Shunday qilib, O`zbekiston sport delegasiyasi yoshlar o`rtasidagi IV Para Osiyo o`yinlarini 11ta oltin, 2ta kumush va 5ta bronza, jami 18ta medal bilan yakunladi.






