AsosiyJamiyat

Husan Ermatov Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Toshkent shahar bo`limiga rais etib saylandi

'Husan Ermatov Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Toshkent shahar bo`limiga rais etib saylandi'ning rasmi

Milliy matbuot markazida O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining Toshkent shahar bo`limi rahbar organlarini saylashga bag`ishlangan umumiy yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda UzA yozmoqda.

Unda uyushma rahbariyati, uyushma a`zolari, taniqli jurnalistlar va Toshkent shahar hokimligi vakillari ishtirok etdi.

Yig`ilishda tashkiliy masala ko`rib chiqildi. Uyushmaning Toshkent shahar bo`limi raisi, boshqaruv a`zolari va taftish komissiyasi saylandi.

O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O`sarov, O`zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko`chimov, Jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo`ja, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Xurshid Do`stmuhammad va boshqalar milliy matbuotga qaratilayotgan e`tiborga jurnalistika sohasi munosib bo`lmog`i kerakligini ta`kidladilar.

O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi 1964 yildan buyon faoliyat ko`rsatayotgan bo`lsa, o`sha vaqtdan beri mazkur ijodiy tashkilotining Toshkent shahar bo`limi ish olib bormoqda. O`tgan vaqt mobaynida uyushmaning Toshkent shahar bo`limiga bir qator taniqli jurnalistlar rahbarlik qilgan.

Yig`ilishda ta`kidlanganidek, Toshkent shahrida faoliyat olib borayotgan ommaviy axborot vositalari bilan yaqin hamkorlik o`rnatish, ularni qo`llab-quvvatlash, faol jurnalistlarni ham moddiy, ham ma`naviy rag`batlantirish, faxriy va xasta jurnalistlar holidan xabar olish, blogerlar, bosma va internet nashrlardagi jurnalistlar boshini bir ezgu maqsad yo`lida qovushtirish, uyushmaga a`zo bo`lishni istagan ijodkorlarning hujjatlarini to`plash, bazaga joylashtirish kabi masalalar bo`yicha atroflicha fikr bildirildi.

"Ishonch" va "Ishonch-Doverie" gazetalari bosh muharriri Husan Ermatov O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Toshkent shahar bo`limi raisi etib saylandi.

Tadbir yakunida O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Toshkent shahar bo`limi boshqaruv a`zolari va taftish komissiyasi zimmasiga yuklatilgan vazifalar yuzasidan ham fikrlar bildirildi. Amalga oshiriladigan  chora-tadbirlar belgilandi.

    Boshqa yangiliklar