O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqaevning taklifiga binoan 5-6 dekabr kunlari davlat tashrifi bilan Qozog`istonda bo`ladi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Nur-Sulton shahrida oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralar bo`lib o`tadi, ularda birodar xalqlarimiz o`rtasidagi do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash yo`llari ko`rib chiqiladi.
Siyosiy muloqot va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, eng avvalo, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amaliy aloqalar va aniq kooperasiya loyihalarini ilgari surish, shuningdek, madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini faollashtirishning dolzarb masalalari ham kun tartibiga kiritilgan.
Bundan tashqari, O`zbekiston va Qozog`iston etakchilari xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashadilar va mintaqaviy integrasiyaning asosiy yo`nalishlarini muhokama qiladilar.
Sammit yakunida salmoqli ikki tomonlama hujjatlar to`plamini imzolash rejalashtirilgan.
Tashrif arafasida Nur-Sultonda ikki mamlakat etakchi kompaniya va tadbirkorlari ishtirokida biznes-forum ham o`tkaziladi.






