Joriy yil 2 dekabr kuni Senatning prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Unda komissiya, Bosh prokuratura, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Andijon viloyati hokimligi hamkorligida “Yoshlarga oid davlat siyosati to`g`risida”gi Qonun va sohaga oid boshqa qonun hujjatlari ijrosi, yoshlar bandligini ta`minlash va tadbirkorligini qo`llab-quvvatlash borasidagi prokuror nazorati holatining o`rganish natijalari muhokama qilindi.
Senat axborot xizmatining ma`lum qiishicha, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish hamda ularni ijtimoiy himoya qilish va yosh oilalarni qo`llab-quvvatlash borasida 2018-2020 yillarda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida 903 ta biznes loyihaga jami 160 mlrd 768 mln so`m miqdorda imtiyozli kredit mablag`lari ajratish orqali 16 254 ta yangi ish o`rinlari yaratilishiga erishilgan.
So`ngi besh yilda 30 yoshgacha bo`lgan tadbirkorlar soni 3 barobar ko`payib, ularning soni 17 mingdan oshgan.
Biroq senatorlar ayrim sektor rahbarlarini keskin tanqid qilgan. Qayd etilishicha, Andijon viloyati sektor rahbarlarining yoshlar muammolarini tizimli ravishda hal etish borasidagi vazifalari aniq belgilangan bo`lsada, viloyatdagi o`rganish davomida bir qator kamchiliklarga yo`l qo`yilgan.
Jumladan, yoshlarning bandligini ta`minlash, ularning muammolarini hal etish maqsadida ishlab chiqilgan “yoshlardaftari.uz” yagona elektron platformasiga kiritilgan 735 nafar yoshlarni asossiz ravishda chiqarib yuborilish holatlari aniqlangan.
“Yoshlar daftari”ga kiritilganlardan 23 479 nafariga tuman hokimlarining farmoyishlari asosida er maydonlari ajratib, bandligi ta`minlanganligi va daftardan chiqarilganligi o`rganilganda, ulardan 44 nafar yoshlar er maydonlarini olmaganligi, hattoki bundan xabardor emasligi ma`lum bo`ldi.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 28 apreldagi 250-sonli qarori bilan tasdiqlangan vaqtinchalik tartibga muvofiq, sektorlar rahbarlari elektron anketa so`rovnomalari ma`lumotlari asosida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning muammolarini bartaraf etishga qaratilgan “yo`l xaritasi” loyihasini ishlab chiqishi va xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga tasdiqlash uchun kiritishi belgilangan. Biroq Oltinko`l, Andijon, Baliqchi, Izboskan va Xo`jaobod tumanlarining barcha sektor rahbarlari tomonidan o`rganilgan yoshlar muammolarini bartaraf etishga qaratilgan “Yo`l haritalari” loyihalari ishlab chiqilmagan va xalq deputatlari tuman Kengashiga taqdim etilmagan.
Andijon shahar, Izboskan, Xo`jaobod va Andijon tumanlarida sektor rahbari va arizachi o`rtasida bir martalik moddiy yordam berish, uni olgan yosh bilan ishga kirish, kasb o`rganish, o`zini-o`zi band qilish kabi majburiyatlarni olishini nazarda tutuvchi ikki tomonlama ijtimoiy shartnoma tuzilmasdan moddiy yordamlar maqsadsiz ajratilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 11 martdagi 132-son qaroriga asosan viloyatlar va tuman (shahar)lar mahalliy byudjetlarida shakllangan qo`shimcha manbalarning kamida 15 foizi miqdori har chorakda “Yoshlar daftari” jamg`armasiga o`tkazilishi belgilangan bo`lsa-da, viloyatning Andijon shahri, Xo`jaobod va Izboskan tumanlarida bunga amal qilinmagan.
Shaxsga bir martalik moddiy yordam berilishi uni “Yoshlar daftari”dan chiqarishga asos bo`lmasligi belgilanganiga qaramay Andijon shahrida Yoshlar jamg`armasi tomonidan bir martalik yordam berilgan jami 790 nafar yoshlardan 303 nafari “Yoshlar daftari”dan asossiz ravishda chiqarib yuborilgan.
Shu bilan birga, 2021 yilda yangi ish o`rinlarini tashkil etish bo`yicha dasturda belgilangan reja bajarilganligi qayd etilgan bo`lsa-da, Soliq inspeksiyasi bazasidagi ma`lumotlar bilan taqqoslanganda ayrim ish o`rinlari o`z tasdig`ini topmaganligi senatorlar tomonidan ko`rsatilgan.
Tuman (shahar) hokimlarining qarorlari bilan zaxiraga olingan ish o`rinlariga aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish ishlari sust olib borilgan. Ya`ni zaxira (kvota)langan ish o`rinlaridan foydalanish darajasi viloyatda 64,2 foizni tashkil etganligi bois, bugungi kunda 3 651 ta zaxira ish o`rinlari foydalanmasdan qolgan.
Yig`ilishda ushbu yo`nalishda uchrayotgan tizimli xato va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida prokuratura organlari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda viloyat hokimligiga Komissiya a`zolari tomonidan tavsiyalar berilib, tegishli topshiriqlar aks ettirilgan qaror qabul qilingani ma`lum qilindi.






