Dunyoda koronavirusning “omikron” shtammi shiddat bilan tarqalmoqda. Avstraliya, Avstriya, Botsvana, Belgiya, Buyuk Britaniya, Braziliya, Daniya, Germaniya, Gongkong, Isroil, Italiya, Ispaniya, Kanada, Niderlandiya, Nigeriya, Portugaliya, Saudiya Arabistoni, Shvesiya, Shveysariya, JAR, Chexiya va Yaponiyada kasallikning yangi mutasiyasi qayd etilgandi.
Endi ular safiga AQSh va Janubiy Koreya ham qo`shilib, jami 24 taga etdi. Bu haqda SSV xabar bermoqda.
Ammo Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti rahbarining ta`kidlashicha, bu ko`rsatkichlar, shubhasiz, oshib boraveradi.
Shu sababli JSST epidemiologik vaziyatning yomonlashuvi tufayli xavf guruhiga mansub odamlar, jumladan, 60 yoshdan oshgan hamda yondosh kasalligi mavjud kishilarga ommaviy tadbirlarda qatnashmaslik, aholi gavjum joylarga bormaslik hamda sayohatga chiqmay turishni tavsiya etmoqda.
Shuningdek, tashkilot a`zo mamlakatlarni emlash jarayonlarini jadallashtirishga chaqirdi.
Dushanbadan e`tiboran AQShga Afrikaning 8 mamlakati fuqarolari kiritilmasligi yuzasidan taqiq o`rtnatildi. Bu ro`yxat yanada kengaytirilishi mumkin.
Avstraliya esa besh nafar yo`lovchida “omikron” aniqlangach, mamlakatga keluvchi xorijliklar uchun amalda bo`lgan cheklovlarni yumshatish masalasini ortga surdi. Mahalliy aholiga ham jiddiy sabab ko`rsatilmasa, chet elga chiqish taqiqi saqlanib qolmoqda.






