AsosiyJamiyat

Navoiyda XTB mudiri tezkor tadbirda qo`lga tushgan. Ammo ish tergovgacha etib bormagan

'Navoiyda XTB mudiri tezkor tadbirda qo`lga tushgan. Ammo ish tergovgacha etib bormagan'ning rasmi

Navoiy viloyati G`ozg`on shahri xalq ta`limi bo`limi mudiri Alijon Xo`jaqulov qariyb 4 oy oldin huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda fuqarodan pul olayotganda qo`lga olingan. Ammo ish tergovga qadar ham etib bormay, pul oldi-berdisi “qarz”ga aylanib qolgan.

Ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha,  Alijon Xo`jaqulov 2021 yil 25 iyul kuni shahar xalq ta`limi bo`limiga ishga kiritib qo`yishni aytib, fuqarodan (ayol) 3 mln so`m olayotganda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o`tkazilgan tadbirda qo`lga olingan.

Navoiy viloyati Xalq ta`limi boshqarmasi boshlig`i Marat Shamuratovga ko`ra, bu mudir va fuqaro o`rtasidagi qarz oldi-berdisi bo`lgan va ish tergovgacha etib bormay yopilgan. Shu sababli u o`z lavozimida ishlashda davom etmoqda.

Navoiy viloyat prokuraturasi xodimi fuqaro arizasi asosida XTB mudiri Alijon Xo`jaqulovning ishga kirgizib qo`yish evaziga pul talab qilganlik holati yuzasidan tezkor tadbir uyushtirilganini ma`lum qildi. Uning so`zlariga ko`ra, haqiqatan ham mudir va arizachi o`rtasida ishga kirgizib qo`yish yuzasidan “kelishuv” bo`lgan. Bu bo`yicha yozib olingan suhbat ariza bilan taqdim qilingan. Biroq tezkor tadbir jarayonida mudir fuqaroga ishga kirgizib qo`yish masalasi hal bo`lmasligini aytib, kelishilgan miqdordagi pulni unga qarz sifatida berib turishini so`ragan. Ya`ni pora sifatida so`ralgan pul oxirgi lahzada qarzga aylanib qolgan. Shu sababli, holat bo`yicha jinoiy ish qo`zg`atishni rad qilish yuzasidan qaror qabul qilingan.

    Boshqa yangiliklar