Kuni kecha O`zbekiston Prezidentining Rossiya Federasiyasiga tashrifi doirasida turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikka oid muhim hujjatlar to`plami imzolandi.
Davlat tashrifi doirasida videoko`prik formatida media-forum bo`lib o`tdi, unda O`zbekiston va Rossiya ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi, media sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Biz forum ishtirokchilaridan biri va tashkilotchisi EOAVMA raisiga murojaat qilib, bugungi kunda media sohasidagi ikki tomonlama munosabatlar qanday rivojlanayotgani haqida suhbatlashdik.
– O`tgan 5 yil davomida xorijiy ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik natijalarini qanday baholaysiz?
– Aytish joizki, O`zbekiston Prezidenti tomonidan olib borilayotgan islohotlar tufayli keyingi yillarda media landshaft sezilarli darajada o`zgardi, ommaviy axborot vositalari yanada ochiq bo`ldi va bu, albatta, O`zbekiston va xorijiy ommaviy axborot vositalari o`zaro munosabatlari rivojiga ta`sir qilmay qolishi mumkin emas edi. Bu borada EOAVMA “Yangi O`zbekiston. Yangi nigoh” dasturini ishlab chiqqan, shu dastur doirasida biz Euronews, CNN, BBC,“Rossiya-24”, “Rossiya-1”, “Rossiya- Kultura”, “Farg`ona” AA va boshqalar bilan hamkorlik qilamiz.
Forum, menimcha, juda samarali bo`ldi. Bir-birimizning manfaat va muammolarimizni tinglashga, til topishishga muvaffaq bo`ldik. EOAVMA ikki tomon o`rtasidagi munosabatlarni tizimlashtirish, O`zbekiston va Rossiya ommaviy axborot vositalari o`rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo`yicha “Yo`l xaritasi”ni qabul qilish, ta`lim sohasida o`zaro hamkorlikni kengaytirish va axborot materiallari almashinuvi, hujjatli filmlar yaratish, qo`shma media-forumlarni tizimli asosda tashkil etish va ishtirok etish tarafdori.
- EOAVMA hozir Rossiya ommaviy axborot vositalari bilan qaysi sohalarda hamkorlik qilmoqda?
- Bular biz alohida e`tibor qaratadigan uchta global yo`nalish - ta`lim, axborot almashinuvi va hujjatli filmlar ishlab chiqarish. “Yangi O`zbekiston. Yangi nigoh” mediadasturiga muvofiq. 3-7 may kunlari uyushtirilgan mediahaftalik doirasida Rossiyaning taniqli ommaviy axborot vositalari ishtirokida “Yoshlar media studiyalari” loyihasi qatnashchilari – yosh jurnalistlar uchun rossiyalik mashhur mediashaxslar ishtirokida maxsus uchrashuvlar va mahorat darslari bo`lib o`tdi.
Yosh jurnalistlarimiz bilan ishlashga Rossiya ommaviy axborot vositalarining boshqa mutaxassislari ham muntazam ravishda qo`shilmoqda. Xususan, joriy yilning o`zida “Rossiya-24” telekanali telemuxbiri Boris Maqsudovning to`rtta treningi bo`lib o`tdi. Treninglar doirasida yosh jurnalistlar tomonidan tayyorlangan eng sara materiallar milliy telekanallar orqali efirga uzatildi.
S.A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti rahbariyati bilan ta`lim sohasidagi hamkorlik va Toshkent shahrida BDKI (VGIK) filialini ochish to`g`risida shartnoma imzolangani mamlakatlarimiz o`rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish yo`lidagi juda muhim qadam bo`ldi. BDKI Toshkent filialining yo`nalishlaridan biri – kino va televidenie prodyuseri sohasi -- o`zbekistonlik yoshlar orasida allaqachon mashhur bo`lib ulgurdi.
Agar axborot hamkorligi haqida gapiradigan bo`lsak – joriy yilning o`zida “Rossiya Segodnya” XAA, “Rossiya-24”, “Rossiya-1”, “MIR”, “Rossiya-Kultura” telekanallari va boshqalar ko`magida Rossiya efirida 50 dan ortiq axborot xabarlari va reportajlar uzatildi. Asosiy e`tibor O`zbekistonda “Sputnik-5” vaksinasini ishlab chiqarish, Olmaliqdagi misni qayta ishlash zavodi barpo etilishi, Samarqand Siti qurilishi, yirik energetika va ijtimoiy ob`ektlar, bayram va tantanalar, shuningdek, madaniy-gumanitar tadbirlarga qaratildi..
- EOAVMA O`zbekiston Kinematografiya agentligi bilan birgalikda hamkorlikda televizion formatdagi bir nechta loyihalarni ham amalga oshirganmi? Qaysilarini ajratib ko`rsatishingiz mumkin?
- Rossiya televideniesi guruhlari tomonidan suratga olingan yuzlab manzillar va ob`ektlar so`nggi yillarda respublikada ro`y berayotgan global o`zgarishlarni yaqqol namoyish etadi. O`z oldiga “O`zbekistonni tomoshabinga hech qachon ko`rmagandek ko`rsatish”ni maqsad qilib qo`ygan rossiyalik hujjatli film ustalari, rejissyor va prodyuserlarning faoliyatiga alohida to`xtalib o`tish joiz. Saida Medvedevaning “Rossiya-24” telekanalida efirga uzatilgan “O`zbekiston. Eng yangi tarix”, Valdis Pelshning Birinchi kanalda namoyish etishga hozirlanayotgan “O`zbekiston: o`tmish, bugun, kelajak” nomli noyob filmi, albatta, O`zbekistonni yangi, o`ta hayratlanarli, qiziqarli rakurslarda ko`rsatadi. Shu kunlarda “Rossiya-Kultura” telekanalida Pavel Selinning “Sharq durdonasi tongi” filmi premerasi bo`lib o`tishi kutilmoqda.
Shuningdek, “MIR” teleradiokompaniyasi tomonidan tayyorlangan “O`zbekiston. Hamdo`stlik navbatchisi"(O`zbekistonning ShHTda raisligiga bag`ishlangan) va"Mustaqillik. Vazifani uddalash mumkin” (O`zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag`ishlangan) deb nomlanganikkita hujjatli filmda nafaqat O`zbekiston, balki butun mintaqaning buguni va istiqboli aks ettirib berildi.
– Rossiya va O`zbekiston o`rtasidagi mediasohada hamkorlikni mustahkamlash bo`yicha keyingi qadamlar qanday bo`ladi?
- Yaqin kelajakda EOAVMA va “Rossiya segodnya” XAA o`rtasida EOAVMA, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, “Yuksalish” milliy harakati, O`zbekiston jurnalistlar uyushmasi tomonidan asos solingan “New Uzbekistan” yangi axborot loyihasini amalga oshirishda yordam ko`rsatish bo`yicha hamkorlik to`g`risida bitim imzolash rejalashtirilmoqda. Yaqinlashish yo`lidagi birinchi qadam Toshkentda bo`lib o`tgan "Rossiya-Segodnya" XAA mutaxassislarining yozgi treningi bo`ldi. 200 dan ortiq yosh jurnalistlar uchun media-kampus “Rossiya-Segodnya”XAAning 10 nafar etakchi media mutaxassislari - Margarita Nekrasova, Sergey Solovey, Aleksandr Fomin, Dmitriy Budansev va boshqalardan iborat zalvorli tarkibbilan o`tkazildi.Mashg`ulotlar axborot agentligi ishiga sho`ng`ishga qaratilgan edi. Treninglarning asosiy mavzulari sifatida axborot agentligi tamoyillari, faktcheking, internet-jurnalistika, qidiruv tizimlari, videokontent va videoxosting, videomontaj qilish asoslari va boshqalar haqida so`z yuritildi.






