Hukumat qarori bilan Keksalar va nogironligi bo`lgan shaxslarga sanatoriylarda davolanish uchun yo`llanmalar berish bo`yicha davlat xizmatlari ko`rsatishning ma`muriy reglamenti tasdiqlandi.
Ma`muriy reglamentga ko`ra, 2022 yil 1 iyuldan keksalar va nogironligi bo`lgan shaxslarga sanatoriylarda davolanish uchun yo`llanmalar faqat DXM yoki YaIDXP (my.gov.uz) orqali beriladi.
Yo`llanmalar quyidagi toifadagi keksalar va nogironligi bo`lgan shaxslarga beriladi:
🔸 urush nogironlariga va qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar;
🔸 halok bo`lgan harbiy xizmatchilarning yangi nikohdan o`tmagan beva xotinlari (beva erlari);
🔸 respublika ahamiyatiga molik shaxsiy pensiya oluvchi shaxslar;
🔸 Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshidan kechirgan shaxslar, shuningdek, Chernobil halokati sababli nogiron bo`lib qolgan shaxslar;
🔸 yadro poligonlari va boshqa radiasiya-yadro ob`ektlarida harbiy xizmatni o`tagan pensiya yoshidagi shaxslar;
🔸 I va II guruh nogironligi bo`lgan shaxslar, ko`zi ojiz I guruh nogironini kuzatib boruvchi shaxs;
🔸 o`zgalar parvarishiga muhtoj yolg`iz keksalar;
🔸 yoshga doir pensiya oluvchilar.
Davlat xizmatlari ko`rsatilgani uchun yig`im undirilmaydi.
Yo`llanmalar keksalar va nogironligi bo`lgan shaxslarga 12 kunga, yo`llanmalarning amal qilish muddati boshlanishidan 10 kun oldin (asosli sabablarga ko`ra qaytarilgan yo`llanmalar bundan mustasno) beriladi.
Yo`llanmalar faqat ularda ko`rsatilgan muddatlarda haqiqiy hisoblanadi.
Yo`llanmada ko`rsatilgan muddatdan oldin sanatoriyga qabul qilinmaydi, sanatoriyga kechikib kelingan kunlar tiklanmaydi.
Yo`llanmadan faqat unda ko`rsatilgan shaxsgina foydalanishi mumkin. Bitta yo`llanma bilan bittadan ortiq kishi (jumladan, yosh bolalar ham) qabul qilinmaydi.
Qarorga ko`ra shuningdek, “Elektron sanatoriy” platformasi ishlab chiqiladi. Bunda:
➖ sanatoriylarga yo`llanma olish uchun murojaat qilgan aholi elektron axborot tizimi orqali hisobga olinadi;
➖ yo`llanmalar bo`yicha navbatni kuzatish imkoniyatini beruvchi mexanizmlar joriy etiladi.






