“O`zbekiston Respublikasi telekommunikasiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, 2022–2024 yillarda O`zbekiston Respublikasi telekommunikasiya infratuzilmasini rivojlantirishning maqsadli ko`rsatkichlari hamda xalqaro va davlat ahamiyatiga molik avtomobil yo`llarini mobil aloqa qamrovi bilan ta`minlash reja-jadvali tasdiqlandi.
Shunga ko`ra, 2023 yilgacha, jumladan:
- xalqaro ma`lumotlar uzatish kanalining o`tkazuvchanlik qobiliyati 3,5 marotaba oshiriladi;
- 150 ming km optik tolali aloqa liniyalari qurilish hisobiga ma`lumotlar uzatish tarmog`i kengaytiriladi;
- optik tolali aloqa liniyalari barcha aholi punktlariga etkazilib, uy xo`jaliklarining kamida 80 foizi Internetga keng polosali simli ulanish imkoniyati bilan ta`minlanadi.
2021 yil yakunigacha barcha ichki ishlar organlari tayanch punktlari, mahalla fuqarolar yig`inlari, jazoni ijro etish muassasalari, ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari xonalari, xalq ta`limi muassasalari, davlat arxivlari va tashkilotlari Internetga keng polosali ulanadi.
Qarorga ko`ra:
▪️ mavjud chegara o`tish nuqtalari orqali “O`zbekiston–Afg`oniston–Pokiston”, “O`zbekiston–Qirg`iziston–Xitoy” va “O`zbekiston–Turkmaniston–Ozarbayjon–Turkiya” yo`nalishlarida xalqaro magistral kanallar tashkil etiladi;
▪️ Xitoy Xalq Respublikasida yangi ulanish va o`zaro Internet trafigi almashinuvi nuqtalarini tashkil etish choralari ko`riladi.
2022 yil 1 yanvardan Internetga keng polosali ulanish tarmoqlarini loyihalash va qurishda quyidagilar nazarda tutiladi:
- ma`muriy binolar va ko`p kvartirali uylarni kamida 1 Gbit/s o`tkazuvchanlik qobiliyati bilan;
- ta`lim tashkilotlari, sog`liqni saqlash muassasalari va boshqa davlat tashkilotlarini kamida 100 Mbit/s o`tkazuvchanlik qobiliyati imkoniyati bilan ulash.






