Joriy yilning may oyida Osiyo Paralimpiya qo`mitasi prezidenti Majid Rashid yurtimizga tashrif buyurgan edi. Tashrif doirasida O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov faxriy mehmon bilan uchrashib, 2025 yilgi yoshlar o`rtasida Paraosiyo o`yinlarini Toshkent shahrida o`tkazish taklifini ilgari surgandi.
Kuni kecha Osiyo Paralimpiya qo`mitasi bu borada o`zining yakuniy qarorini e`lon qildi va unga ko`ra, 2025 yilgi yoshlar o`rtasida Paraosiyo o`yinlari mezbonligi Toshkentga taqdim etildi.
Ta`kidlash lozim, 2025 yilgi yoshlar o`rtasida IV Paraosiyo o`yinlarini qabul qilish uchun qit`amizning bir qator etakchi davlatlari da`vogarlik qilishgan edi. Yakunda Osiyo Paralimpiya qo`mitasi Toshkent shahri nomzodini qo`llab-quvvatladi. Mamlakatimizda paralimpiya sport turlarini rivojlantirishga shaxsan yurtboshimiz tomonidan alohida e`tibor qaratilayotganligi, bu borada maxsus qaror imzolanib, jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash va rag`batlantirish masalasiga alohida e`tibor berilayotgani yakunda hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.
Darvoqe, yaqinda yurtimizga tashrif buyurgan Xalqaro Paralimpiya qo`mitasi prezidenti Endryu Parsons ham O`zbekiston Paralimpiya sport turlari bo`yicha eng nufuzli musobaqalarni qabul qilish salohiyatiga ega ekanligi va yaqin kelajakda yurtimizda yirik xalqaro musobaqalar o`tkazilishi mumkinligini ta`kidlab o`tgan edi.
E`tiborlisi, shu paytga qadar hech qaysi davlat tomonidan yoshlar o`rtasidagi Osiyo va Paraosiyo o`yinlari ketma-ketlikda o`tkazilmagan. 2025 yilda Toshkent shahri yoshlar o`rtasida Osiyo va Paraosiyo o`yinlariga mezbonlik qilish orqali yirik kompleks musobaqalarni qabul qilish borasida yana bir imtihondan o`tadi.






