Fuqarolarning omonatga qo`ygan mablag`ini o`zlashtirgan sobiq AT “Xalq banki” bo`lim boshlig`ining kirdikorlari fosh bo`ldi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Boysun tuman bo`limi tomonidan AT “Xalq banki” tuman filialining murojaatiga asosan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tekshiruv o`tkazilgan. Filialning chakana xizmatlari sobiq bo`lim boshlig`i J.T. 9 nafar fuqaroning omonatga qo`yish uchun topshirgan jami 566 mln so`m naqd pullarini omonat hisob raqamlariga qo`ymasdan, o`zining shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib, talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Xabarga ko`ra , mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






