O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma birinchi yalpi majlisi avvalida so`zga chiqqan Tanzila Narbaeva Senat faoliyati shaklan va mazmunan yangilanganini ta`kidladi.
– Qonunchilik va nazorat faoliyatimizda samaradorlik va ta`sirchanlik oshdi, – dedi T.Narbaeva. – Ochiqlik va shaffoflikni ta`minlashga bo`lgan jiddiy e`tibor sabab xalqimiz bilan uzviy yaqinlik vujudga keldi. Aholi bildirgan munosabatlar, takliflar, tanqidlar faoliyatimizning yo`naltiruvchi omiliga aylandi.
Bo`lib o`tgan Prezident saylovlari xalqimizning birdamligi, yurt taqdiriga befarq emasligi, so`nggi yillarda olib borilgan islohotlarga xayrixohligi va ertangi kunga bo`lgan ishonchi nechog`lik baland ekanligini amalda ro`yi rost namoyon etdi. Davlatimiz rahbari tomonidan “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil yangi davr islohotlarining bosh mezoni etib belgilandi. Etti yo`nalishdan iborat bo`lgan Yangi O`zbekiston taraqqiyot strategiyasi “Inson qadri uchun” degan ulug`vor maqsadni to`laqonli amalga oshirishga qaratilgan.
Senat raisi qayd etganidek, bugun odamlarimiz o`z xohish-irodasini butunlay erkin va dadil namoyon etmoqda. Ijtimoiy hayotga kechayotgan muhim voqea-hodisalar, o`zgarishlar, muammo va kamchiliklar yuzasidan o`zlari ishonib saylab qo`ygan vakillaridan – biz, deputat va senatorlardan qat`iy izoh so`ramoqda. Ular bunga to`la haqlidir. Ana shunday sharoitda eskicha qarashlar va yondashuvlar asosida ishlash aslo mumkin emas.






