Buxoroda suv quvurlari yotqizilayotgan joyda er o`pirilishi sabab 2 kishi vafot etganligi haqida tarqalgan xabarlar taqdim etilgan edi.
Viloyat IIBning rasmiy ma`lumotiga ko`ra, halokat joriy yilning 16 noyabr kuni taxminan soat 15:30 larda “61-sonli avtokorxona” MChJ tomonidan Kogon shahar Do`stlik mahallasi Do`stlik ko`chasi hududida kanalizasiya quvurlarini qazish ishlari olib borilayotgan vaqtda sodir bo`lgan. Kanalizasiya quvuri uchun kovlangan o`lchamlari: 4X5 metr, chuqurligi 4 metr bo`lgan o`raning atrofidagi qum uyumi o`pirilib tushishi natijasida, quvur ichida ishlayotgan “61-sonli avtokorxona” MChJ ishchilari 2000 yilda tug`ilgan A.N. hamda 1999 yilda tug`ilgan S.S. lar qum uyumi ostida qolib ketib, havo etishmasligi oqibatida vafot etishgan.
Hodisa sodir bo`lgan joyga chiqqan Buxoro viloyati Ichki ishlar hamda Favqulotda vaziyatlar boshqarmalari, Kogon shahar prokuraturasi, viloyat IIB va Kogon shahar IIB mas`ul rahbar va xodimlaridan iborat tarkibda tergov-tezkor guruhi tomonidan holat tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.
Jabrlanuvchilarning jasadlari viloyat FVB xodimlari tomonidan qum uyumi ostidan olib chiqilib, sud-tibbiy ekspertiza ko`rigidan o`tkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan JK.ning 257-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






