Yakkabog`dagi shifoxonada nazoratsiz holda erda yotgan bemor bilan bog`liq vaziyat yuzasidan Qashqadaryo viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi mutaxassislari munosabat bildirildi.
Aniqlanishicha, 2021 yil 5 noyabr kuni mahalla noziri tomonidan chaqiriq bo`lib, “Tez tibbiy yordam” mashinasida Uchtepa qishlog`i atrofida katta yo`l yoqasidan shaxsi noma`lum bo`lgan o`ta mast holatdagi 55-58 yoshlar atrofidagi ayol kishi qabulxona bo`limiga olib kelingan va qabulxonadagi kuzatuv xonasiga yotqizilgan.
O`rganishlar davomida bemor qabul jurnaliga o`z vaqtida qayd etilmaganligi, standart asosida tekshiruvlar to`liq o`tkazilmaganligi, vrach, hamshira va orastabonlar tomonidan doimiy nazoratga olinmaganligi aniqlandi.
Bemor o`ta mast bo`lganligi sababli bir necha bor o`rniga qayta yotqizilishiga qaramasdan karavotdan tushib, erga yotib olgan. Bo`lim etarli darajada qattiq va yumshoq jihozlar bilan ta`minlangan bo`lsa-da, bemor yotgan xonadagi to`shak va choyshablar yig`ishtirib, bir chetga olib qo`yilgan. Shuningdek, xonada sanitariya me`yoriy qoidalariga rioya etilmagan.
7 noyabr kuni soat 01:30 atrofida bemor qo`shimcha kasalliklari va ularning asoratlari inobatga olinib, shoshilinch tibbiy yordam bo`limiga o`tkazilgan.
Viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi tomonidan mazkur vaziyat yuzasidan Yakkabog` tumani tibbiyot birlashmasiga tegishli tartibda taqdimnoma kiritildi.
Yo`l qo`ygan kamchiliklari uchun tuman tibbiyot birlashmasi boshlig`i vazifasini bajaruvchi Sarvar Jo`raevga Mehnat kodeksining tegishli moddasiga ko`ra hayfsan berildi.
Shuningdek, tibbiy kengash qarori va tuman tibbiyot birlashmasi boshlig`i (v. b.)ning buyrug`iga ko`ra Mehnat kodeksining tegishli moddasiga asosan yo`l qo`ygan kamchiliklari uchun bir qator mas`ul xodimlarga intizomiy jazo berildi.
Holat yuzasidan huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






