AsosiyJamiyat

Bag`rikenglik haftaligi: Toshkentda gul qo`yish marosimi bo`lib o`tdi

'Bag`rikenglik haftaligi: Toshkentda gul qo`yish marosimi bo`lib o`tdi'ning rasmi

Bugun, 16 noyabrda Toshkentda Bag`rikenglik haftaligi doirasida millatimizning timsoli, mehr-shafqat ramzi hisoblangan Shoaxmad Shomaxmudovlar oilasi monumenti poyiga gul qo`yish marosimi bo`lib o`tdi.

Tadbirda Turizm va sport vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik aloqalari qo`mitasi,  mutasaddilari, milliy madaniyat markazlari va do`stlik jamiyatlari raislari hamda faollari, sportchilar, poytaxt jamoatchiligi, yoshlar, shuningdek, OAV vakillari ishtirok etishdi.

Bag`rikenglik haftaligini o`tkazish yuzasidan Turizm va sport vazirligi tomonidan jahon hamjamiyati bilan do`stona aloqalarni kuchaytirish, xalqaro hamkorlikni va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik aloqalarini rivojlantirish kabi muhim vazifalar belgilab olingan. O`z navbatida, umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, xalqlar o`rtasida samimiy do`stlik rishtalarini bog`lash O`zbekistonning jahon hamjamiyatidagi obro`-e`tibori va imiji oshishiga, yurtimizda insonparvarlikning kuchayishiga hamda madaniy-ma`naviy munosabatlarning xalqaro miqyosda kengayishiga xizmat qiladi.

“Mamlakatimizda har bir fuqaro o`z ertangi kuniga qayg`urmasligi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Bu borada Prezident Shavkat Mirziyoev xalqlarimiz o`rtasidagi do`stlik aloqalari  mamlakatlarimiz farovonligi yo`lida tamaltosh vazifasini bajarishini bir necha marotaba ta`kidlaganining guvohimiz. Bag`rikenglik kunini mamlakatimizda istiqomat qilayotgan ko`pgina millatlar o`rtasidagi o`zaro hurmatning o`ziga xos ifodasi sifatida qabul qilishimiz mumkin. Shomaxmudovlar oilasi haykali poyiga gul qo`yish eng qadrli jihatlarimizning aks ettiruvchi muhim tadbir hisoblanadi,"- dedi O`zbekistondagi Rus milliy-madaniy markazi raisi o`rinbosari Tatyana Alimxodjaeva.

Toshkentdagi Xalqlar do`stligi maydonida o`n besh millat farzandining boshini silagan Shoaxmat Shomaxmudovlar oilasi sharafiga Xalqlar do`stligi monumenti o`rnatilgan.

Bugun O`zbekiston bag`rikenglik tamoyillarini o`zida mujassam etgan davlat sifatida butun dunyoga namuna bo`la oladi. Aytishimiz mumkinki, O`zbekistonning ko`p asrlik tajribasi o`zbek xalqiga xos bo`lib, bu O`zbekiston Respublikasida davlat siyosatining ustuvor yo`nalishlaridan biridir.

Tarixning turli tahlikali davrlarida yurtimiz boshiga  musibatli kunlar tushdi. Yigirmanchi asrda mustabid tuzumning 37-yil qatag`oni va Ikkinchi jahon urushi davrida o`z yurtidan majburan ko`chirilgan, badarg`a qilingan elat va millat vakillariga xalqimiz bag`rini ochdi, mehr ko`rsatdi. Eng og`ir damda ularga yordam qo`lini cho`zib, bir burda nonini baham ko`rdi. Koreyslar, nemislar, turklar, polyaklar, greklar, qrim-tatarlar bu bag`rikeng zaminda o`zining ikkinchi vatanini topdi. Ikkinchi Jahon urushi davrida frontning eng qaynoq nuqtalaridan O`zbekistonga evakuasiya qilingan 1,5 milliondan ortiq himoyasiz keksalar, ayollar, ochlik va o`limdan qutqarib qolindi. Ularning 300dan ortig`i Belarus, Polsha, Ukraina hamda blokada qilingan Leningrad shahridan olib kelingan etim bolalardir.

Eslatib o`tamiz, mamlakatimizda barcha fuqarolarni qaysi millatga mansubligidan qat`iy nazar teng huquq va imkoniyatlar bilan ta`minlash hamda millatlararo totuvlik va jamiyatda o`zaro ahilchilik muhitini mustahkamlash maqsadida 15-21 noyabr kunlari O`zbekistonda “Bag`rikenglik haftaligi” o`tkazilmoqda. Mazkur haftalik “O`zbekiston – bag`rikeng zamin” shiori ostida tashkil etiladigan turli madaniy-ta`rifiy tadbirlardan iborat bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar