O`zbek ayollarini qoyil qoldirish, xafa bo`lganda ko`nglini ko`tarish uchun ularga ipak mato sovg`a qilish kifoya. Toza va tabiiy mahsulotlardan tayyorlangan bu turdagi kiyimlar ham jozibadorligi, ham inson tanasiga foyda ekanligi bilan boshqa matolardan ajralib turadi. Chunki ipakdan tayyorlangan matolar engil va moslashuvchan bo`ladi. Ya`ni namlikka, issiqlik va sovuqlikda moslashadi.
Yurtimizda ipak qurti etishtirish va ipak matolar tayyorlash uzoq yillik tarixga ega. Biroq so`nggi yillarda bu yo`nalish biroz oqsab kelayotgani bor gap. Shunday bo`lsada, bugungi kunda hududlarda ipakchilikka ixtisoslashgan klasterlar, ishlab chiqarish va qayta tayyorlash korxonalari kun sayin ko`payib bormoqda. Shunday korxonalar bilan tanishish maqsadida "O`zbekipaksanoati" uyushmasi bir guruh jurnalist va blogerlar uchun Qashqadaryo va Surxondaryoda uch kunlik maxsus press-tur o`tkazdi.
QAShQADARYoDA BIR YILDA 5 TA LOYIHA
Qashqadaryo iqlimi dehqonchilik va erdan unumli foydalanish uchun juda qulay hudud hisoblanadi. Xususan ipak sanoati uchun ham. 2021 yilning o`zida viloyatda umumiy qiymati 6 mln. dollar bo`lgan “Koson silk”, “Kasbi silk”, “Chiroqchi-tolasi”, “Yakkabog` silk production, “Shahrisabz silkworm eggs breedling” kabi jami 5 ta yangi loyiha ishga tushurildi. Natijada 5 ming 918 nafar doimiy hamda 48127 nafar mavsumiy ish o`rni yaratildi.
Bundan tashqari 2021 yilda korxonalar tomonidan amalga oshiriladigan modernizasiya (tutzor, qurtxona, ishlab chiqarishni kengaytirish) ishlari amalga oshirildi. Masalan “Shahrisabz silk production” MChJ da qiymati 1.78 mln.dollarlik loyiha ishga tushirilgan bo`lib, 11 950 nafar fuqaro bandligi ta`minlandi. Yoki 0.75 mln.dollarlik “Radiant silk” MChJ da 30 205 ta ish o`rni yaratildi.
JURNALISTLAR E`TIROFIDAGI KORXONALAR
Press-tur ishtirokchilarining birinchi manzili Shahrisabz tumani “Yangi qishloq” MFY hududidagi “Shakhrisabz Silk Production” MChJ pillani qayta ishlash korxonasi bo`ldi.
Yagona texnologik zanjirga asoslangan klaster usulida pillani qayta ishlash va ipakli tayyor mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida ish boshlagan bu korxonaning investisiya qiymati 5,0 mln AQSh dollariga teng. Korxonada 200 nafar doimiy va 13,5 ming nafar mavsumiy ish o`rinlari yaratilgan.
Jurnalistlarning keyingi manzili Kitob tumanidagi pillachilik urug`i zavodida bo`ldi. Bu erda sanoatbop ipa qurti urug`i ishlab chiqiladi. Investisiya qiymati 2 mln.dollar bo`lgan bu loyiha 30 nafar doimiy, 350 nafar mavsumiy ish o`rni yaratgan.
Loyixa doirasida amalga oshirilishi kutilayotgan yo`nalishlar quyidagicha:
• Zamonoviy urug`chilik korxonasi qurish va yangi texnalogiyalar bilan jixozlash, ishlab chiqarishni ko`paytirish;
• Xududlarda intensiv usulda tutzorlarni tashkil etish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish;
• Sifatli sanoatbob, ipakchan urug`lar ishlab chiqarishni ko`paytirish va eksport qilish;
• Ipak qurtlarining zotlarini chatishtirish xududga mos urug`larni ishlab chiqarish;
• Urug`lik pilla etishtiruvchi xo`jaliklarni tanlash va agrotexnalogiya bo`yicha treninglar tashkil etish;
• Maxsus qurtxonalar barpo etish va ipak qurtini xududlarga ajratilgan xolda urug`lik uchun boqish.
Ko`rinib turibdiki, Qashqadaryoda ipak qurti urig`idan tortib tayyor mahsulotgacha ishlab chiqarilmoqda. Bu esa viloyatning iqtisodiy salohiyati va aholini ish bilan ta`minlash borasida qilinayotgan xayrli ishlar samarasi.
Davomi bor…
Karim ZARIPOV tayyorladi.






