2022 yil uchun Davlat byudjeti xarajatlari uchun maqsadli jamg`armalarga transfertlarni inobatga olib, 215,4 trln. so`m miqdordagi mablag` ajratilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Moliya vazirligi ma`lum qildi.
Ta`kidlanishicha, 2022 yilda quyidagi byudjet xarajatlarini mahalliy byudjetlardan moliyalashtirishga o`tkazish taklif etilmoqda:
- Umumta`lim muassasalarini, maktabgacha ta`lim tashkilotlarini, sog`liqni saqlash muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta`mirlashga, shuningdek sug`oriladigan erlarning meliorativ holatini yaxshilashga oid tadbirlar doirasida ob`ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda ta`mirlash-tiklash ishlariga doir xarajatlarni;
- ko`p kvartirali uy-joy fondiga tutash hududlarni ta`mirlash xarajatlari va issiqlik ta`minoti tashkilotlarining issiqlik tarmoqlari va qozonxona uskunalarini kapital ta`mirlash xarajatlarini;
- aholining kam ta`minlangan va muhtoj qatlamlariga ko`rsatiladigan bepul advokatlik xizmatlari xarajatlari.
Shuningdek, Qonun loyihasida barcha tuman (shahar)larda tegishli byudjetlarning tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo`naltirish belgilangan.






