Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 15 noyabr kuni aholi bandligini ta`minlash va kambag`allikni qisqartirish masalalari bo`yicha videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.
Bugun iqtisodiyotdagi barcha sa`y-harakatlar aholi uchun daromad manbai yaratish, kambag`allikni qisqartirishga qaratilgan. Bu juda keng qamrovli vazifa bo`lib, ijtimoiy nafaqa yoki uy berish bilan o`z-o`zidan hal bo`lib qolmaydi. Bu iqtisodiy infratuzilma bilan birga investisiya yo`naltirish, energiya ta`minotini yaxshilash, ta`limni rivojlantirish kabi kompleks choralarni talab etadi.
Shavkat Mirziyoevning saylovoldi uchrashuvlarida joylardagi ehtiyoj va aholi talabidan kelib chiqib, hududiy dasturlar belgilangan edi. Ular uchun kelgusi yilda qariyb 75 trillion so`m mablag` ajratilishi rejalashtirilgan. Endigi muhim vazifa bu dasturlarni mahallagacha tushirib, ijrosini ta`minlashdir.
Yig`ilishda shu boradagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Xususan, kelgusi yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlari, ishsiz aholi va yoshlarni kasb-hunarga o`qitish, xizmat ko`rsatish sohalaridagi loyihalarni amalga oshirish uchun 13 trillion so`m ajratilishi ko`zda tutilgan.
– Yangi O`zbekiston degani, avvalo, yangicha ishlash kerak degani. Ayniqsa, hokimlar o`zgarishi kerak. Hamma sa`y-harakatlar, ajratilayotgan mablag`lar mahallada o`z ifodasini topmasa, natija bo`lmaydi. Bunda ish o`rinlari yaratish va kambag`allikni qisqartirish – asosiy mezon, – dedi davlatimiz rahbari.
Bandlikni ta`minlashda eng katta sohalardan biri – qishloq xo`jaligi. Kelgusi yilda paxta va g`alladan bo`shaydigan 80 ming gektar maydon aholiga ajratilishi belgilangan. Meva-sabzavotchilik klasterlariga 2 trillion so`m, shu sohadagi loyihalarga 100 million dollar, tomorqalarda mahsulot etishtirish uchun yana 100 million dollar yo`naltiriladi. Aholi tomorqasida dehqonchilikni yo`lga qo`yish uchun banklar tomonidan 7 foiz stavkada imtiyozli kreditlar beriladi.
Kelgusi yilda davlat investisiya dasturi doirasida jami 18 trillion so`mlikdan ziyod 1 ming 700 ga yaqin loyiha, tarmoq va hududiy investisiya dasturlari doirasida 22 milliard dollarlik 9 mingta loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Ularning natijasida, mos ravishda, 135 ming va 305 mingta ish o`rni tashkil etish maqsad qilingan.
Prezident bundan buyon dasturlar vazirlikda emas, mahallada shakllanishini, ularni hokimlarning yordamchilari o`zi “mahallabay” tamoyili asosida ishlab chiqishi zarurligini ta`kidladi.
Kelasi yil xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb etilgan 2 milliard 200 ming dollar mablag`ni o`zlashtirish hisobiga 109 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Buning samarasida 28 ming aholi bandligi ta`minlanadi.
Davlatimiz rahbari xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilinadigan mablag`larni ham mahallaga bog`lash muhimligini qayd etdi.
Yig`ilishda hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil etish masalalari ham ko`rib chiqildi.






