YuNISEF Afg`onistonda yosh nikohlar soni ortib borayotganidan xavotirda. «Afg`onistondagi o`ta og`ir iqtisodiy vaziyat ko`proq oilalarni yanada qashshoqlikka duchor qilmoqda va bolalarni ishga yuborish yoki erta yoshda qizlarni turmushga berish kabi umidsiz tanlovni amalga oshirishga majbur qilmoqda», — deyiladi tashkilot bayonotida.
BMTning Bolalar jamg`armasi (YuNISEF) Afg`onistonda yosh nikohlar soni ortib borayotganidan xavotirda. Tegishli bayonot tashkilotning ijrochi direktori Genriett For nomidan jamg`arma saytida e`lon qilindi.
«Biz 20 kunlik qizlarni mahr evaziga nikohga taklif qilishayotgan oilalar haqida ishonchli ma`lumot oldik», — dedi Genrietta For. — So`nggi siyosiy beqarorlikdan oldin ham YuNISEF hamkorlari 2018 va 2019 yillar davomida birgina Hirot va Bodg`is viloyatlarida 183 ta bola nikohi va 10 ta bola savdosi holatini qayd etgan. Bolalar 6 oylikdan 17 yoshgacha bo`lgan.
COVID-19 pandemiyasi, davom etayotgan oziq-ovqat inqirozi va qishning boshlanishi oilalarning ahvolini yanada og`irlashtirdi. Bayonotda aytilishicha, 2020 yilda Afg`oniston aholisining qariyb yarmi shunchalik kambag`al ediki, ularda hatto oziq-ovqat yoki toza suv kabi asosiy ehtiyoj mahsulotlari ham yo`q bo`lgan.
«Afg`onistondagi o`ta og`ir iqtisodiy vaziyat ko`proq oilalarni yanada qashshoqlikka duchor qilmoqda va ularni farzandlarini ishga yuborish yoki erta yoshda qizlarni turmushga berish kabi umidsiz tanlov qilishga majbur qilmoqda. Aksariyat o`smir qizlarga hali ham maktabga qaytishga ruxsat berilmagani sababli, erta yoshda turmushga chiqish xavfi endi yanada yuqori. Ta`lim ko`pincha bolalar nikohi va bolalar mehnati kabi salbiy mexanizmlarga qarshi eng yaxshi himoya hisoblanadi», — deya ta`kidlandi YuNICEF bayonotida.
Afg`onistonda erta turmush qurish kabi keng tarqalgan hodisa oiladagi zo`ravonlik hamda ayollarga nisbatan kamsitishga va oqibatda psixologik muammolarga olib kelishi mumkin, deyiladi bayonotda.
YuNISEF ma`lumotlariga ko`ra, 15 yoshdan 49 yoshgacha bo`lgan afg`on ayollarining 28 foizi 18 yoshga to`lmasdan turmushga chiqqan.
YuNISEF eng zaif oilalar orasida ochlik, bolalar mehnati va bolalar nikohi xavfini kamaytirishga yordam berish uchun moliyaviy yordam dasturini boshlagan. Tashkilot, shuningdek, diniy etakchilar bilan ular tomonidan yosh qizlarning nikoh marosimini o`tkazmasliklari uchun ish olib boradi.
«Ammo bu etarli emas. Biz markaziy, viloyat va mahalliy hokimiyat organlarini ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar va qizlarni qo`llab-quvvatlash va himoya qilish bo`yicha aniq chora-tadbirlar ko`rishga chaqiramiz. Biz rasmiylarni qizlarning maktabga qaytishiga ustuvor ahamiyat berishni va ayol o`qituvchilarga o`z faoliyatini davom ettirishiga ruxsat berishga chaqiramiz», — deyiladi bayonotda.
Manba: gazeta.uz






